Xorazm viloyati ichki ishlar organlari masʼul xodimlari uchun seminar-trening o‘tkazildi
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari inson va jamiyat farovonligi yo‘lida fuqarolarning huquq va erkinliklarini, mulkni, davlat va jamoat tartibini, tabiiy muhitni muhofaza qilishni, ijtimoiy adolat va qonuniylikni taʼminlashni, maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning o‘z vaqtida va obyektiv ko‘rib chiqilishini, shuningdek bunday huquqbuzarliklarning oldini olishni, fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etish ruhida tarbiyalashni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi.
O‘z navbatida maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.
Ichki ishlar organlari tomonidan ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ishlar yuzasidan qarorlar qabul qilinadi.
Shuni inobatga olgan holda, 2021 yil 26 yanvar kuni Xorazm viloyati sudida viloyatdagi barcha shahar-tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining profilaktika bo‘yicha o‘rinbosarlari va huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshliqlari uchun seminar-trening o‘tkazildi.
Unda Xorazm viloyati sudining raisi B.Polvonov va viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik S.Rahimovlar bugungi kunda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish yuritish amaliyotida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar to‘g‘risida to‘xtalib, kelgusida bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalarni berdilar.
Seminar-treningda bildirilgan fikrlar yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati