13 Yanvar 2023 yil 254

Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat  qilayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportning “Stol tennisi” turi bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan erkaklar bilan bir qatorda xotin-qizlardan ham jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lishlari talab etiladi.

Bunda esa reja asosida o‘tkaziladigan jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari bilan birga sport musobaqalari ham alohida o‘rin tutadi.

Ana shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportning “Stol tennisi” bo‘yicha  musobaqa o‘tkazildi.

Ushbu sport musobaqasida viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan barcha xotin-qizlar shaxsiy birinchilik uchun o‘zaro kurash olib bordilar.

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan musobaqada ishtirok etgan xotin-qizlar jismoniy tayyorgarlik borasida o‘zlarining mahorat va irodasini namoyon etdilar.

Sportda omad kuchlilarga kulib boqadi degan oltin qoida mazkur musobaqada ham yana bir o‘z isbotini topdi. Musoqaba yakuniga ko‘ra Xorazm viloyati IIB YHXB inspektori safdor Mumtozbegim Artiqova faxrli 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Xonqa tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi inspektori leytenant Mohinur Azimova finalda imkoniyatni boy berib, shoxsupaning ikkinchi pog‘onasini band etgan bo‘lsa, bir necha yillardan beri sportning ushbu turida g‘oliblikni qo‘ldan bermay kelayotgan Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB katta inspektori katta leytenant Nasiba Abdullayeva bu gal ham ishonchli g‘alabasi evaziga faxrli 1-o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash jarayonida viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Abduvoxid Imyaminov so‘zga chiqib, musobaqada faol ishtirok etgan xotin-qizlarga va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirib, kelgusida bu kabi sport musobaqalari muntazam ravishda o‘tkazilishini taʼkidlab o‘tdi.

Yakunda g‘olib va sovrindorlar esdalik sovg‘alari, diplom va medal bilan taqdirlandi.

Sana munosabati bilan xodimlar o‘rtasida sportning boshqa turlari bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech