29 Iyun 2022 yil 709

Xorazm viloyati IIB ayol xodimalari o‘rtasida pazandalik ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi

Bugungi kunda Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qiluvchi xotin-qizlar safi ancha ko‘paygan. Bu albatta jamiyatimizda gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.

O‘z navbatida tizimda xizmat qilib kelayotgan ayol xodimalarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish va ularni maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi ko‘rik-tanlov ham aynan ayol xodimalarning madaniy hordiq chiqarishlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasiga asosan amalga oshirildi.

Shunisi eʼtiborga molikki ushbu ko‘rik-tanlov kuni kecha Halqaro Islom tashkiloti tomonidan Islom dunyosining 2024 yildagi turizm poytaxti deb eʼlon qilingan qadimiy va navqiron Xiva shahrida o‘tkazildi.

30 iyun – Yoshlar kuni  munosabati bilan uyushtirilgan “Pazanda xodima ayol” nomli ko‘rik-tanlovda ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlardan iborat 4 ta jamoa ishtirok etdi.

“Bibixonim”, “To‘maris”, “Barchinoy” va “Roziya Otajanova izdoshlari” deb nomlangan har bir jamoa tarkibida uch nafardan birlashgan hamkasb dugonalar o‘zlarining pazandalik qobiliyatlarini namoyish etdilar.

“Xorazm oshini pishirish”, “Salat tayyorlash” va “Bayramona dasturxon tuzatish” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashgan ayol xodimalarning epchilligi, orastaligi, pazandaligi va dasturxon bezatish borasidagi mahorati nafaqat hakamlar hayʼatini shu bilan birgalikda Xiva shahrini sayohat qilib yurgan horijlik sayyohlarning ham yuksak eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.

Taʼmi og‘izda qoladigan darajada tayyorlangan osh va salatlar sayyohlarga ham ulashildi.

O‘zbekiston ichki ishlar organlari tarixidagi birinchi ayol xodima bo‘lgan Roziya Otajanova izdoshlari sifatida birlashgan jamoa vakillari tomonidan tayyorlangan ovqat va salatlar hamda bayramona bezatilgan dasturxon hakamlar hayʼati tomonidan yuksak baholandi va ko‘rik-tanlov g‘olibi deb topildi.

Ishtirokchilar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech