18 May 2022 yil 667

Xorazm viloyati IIB da 18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosib nishonlandi

1977-yildan buyon dunyoda anʼanaviy tarzda 18-may - “Xalqaro muzeylar kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Bu haqda “Xalqaro muzeylar maslahati” (International Council of Museums, ICOM) tashkilotining 1977 yildagi yig‘ilishida qaror qabul qilingan.   

Muzeylar bu ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina bo‘lib, u yillar davomida boyib, to‘lib boradi.

Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati tashabbusi bilan ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlarning sana munosabati bilan Urganch shahridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrifi uyushtirildi. Urganch davlat universiteti tasarrufidagi ushbu muzey eksponatlari Xorazmning o‘tmishi va bugungi kunini bevosita bog‘laydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muzeylar faqatgina madaniy qadriyatlar namoyishigina bo‘lib qolmasdan, ular bizni o‘tmish sayohatiga chorlovchi yo‘lchi yulduz hamdir. Mazkur muzey ham ancha yillardan buyon tashrif buyuruvchilarni mamnun qilib kelmoqda. Muzeylar maʼnan boyib, muntazam kengayib boradi. Shu boisdan har bir davlat taraqqiyot sari odimlar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, anʼanalar hamda qadimiy yodgorliklarni o‘rganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Bu borada esa muzeylarning o‘rni beqiyos. Chunki ular uzoq o‘tmish meros bo‘lib kelayotgan madaniyat, maʼrifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimga solingan yig‘indisi bo‘lib, amaldagi qonun-qoidaga muvofiq saqlanadi va namoyish qilinadi.

Darhaqiqat, muzeylar maʼnaviy va maʼrifiy ilm o‘chog‘i sifatida doim taraqqiyotda, rivojlanish va o‘zgarishda. Ularni boyitib borish, boy meʼmoriy obidalarni kelajak avlodlarga yetkazish, asrab-avaylash har birimizdan alohida masʼuliyat talab etadi.

Muzeyga amalga oshirilgan tashrif yakunida, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik A.M.Imyaminov muzey direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Yulduzxon Raxmonovaga minnatdorchilik bildirib, boshqarma shaxsiy tarkibi nomidan tashakkurnoma va badiiy kitoblar to‘plamini topshirdi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech