Xorazm viloyati IIB da “Uch avlod ayollari” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 12 aprel kuni xizmat safari bilan Xorazm viloyatida bo‘lib turgan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik N.B.Mirjalolova raisligida Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan ayol xodimalar va uzoq yillar ichki ishlar organlari xizmat qilib nafaqaga chiqqan ayollar hamda IIV Xorazm akademik litseyining o‘quvchi qizlari va IIV Akademiyasining Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida amaliyot o‘tayotgan kursant qizlari ishtirokida “Uch avlod ayollari” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv davomida bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatini ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan va taʼlim olayotgan xotin-qizlarga nisbatan tatbiq etilishini samarali tashkil etish, ularni ijtimoiy faolligi hamda kasbiy tashabbuskorligini oshirish, shuningdek bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, mavjud muammolarini hal qilishga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Yig‘ilishda podpolkovnik N.B.Mirjalolova so‘zga chiqib, ishtirokchilarga mamlakatimizda xotin-qizlar va gender tenglik masalalarida olib borilayotgan islohotlarning mazmun mohiyatini yetkazib, ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishtirdi. Maʼnaviyat marshrutiga muvofiq uyushgan holda barcha xotin-qizlarni madaniy obyektlar (muzey, teatr, tarixiy qadamjolar)ga tashriflarni tashkil etish, psixologik ko‘makka muhtoj ayollar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish va ularning muammolariga yechim topishga ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarziga, tartib-intizomga, kiyinish madaniyati va odob-axloq qoidalariga, qonuniylikka amal qilish, maʼnaviy-ruhiy muhit sog‘lomligini taʼminlash bo‘yicha tushuntirib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida uzoq yillar samarali xizmat qilgan podpolkovnik Marhabo Rahimova pensiyaga chiqishi munosabati bilan unga milliy to‘n kiydirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek Xorazm viloyatining fidoyi, o‘z kasbiga sadoqatli, ustoz-shogird anʼanalarini rivojlantirish borasida va jamoat ishlarida faol bo‘lgan faxriy ayollari, amaldagi ayol xodimalari hamda akademik litsey o‘quvchi qizlaridan bir guruhiga tashakkurnomalar topshirildi.
O‘z navbatida psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muhayyo Jumaniyozova tomonidan o‘tkazilgan psixologik trening esa ishtirokchi ayollarning ruhiy holatini yana-da yaxshilashga hissa qo‘shdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati IIB Axorot xizmati