Xorazm viloyati IIB da "Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi
Ayni kunlarda mamlakatimizning har bir go‘shasida “Milliy armiyamiz -Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir” shiori ostida O‘zbekiston Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi va “Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xorazm viloyati IIBning bayramona bezatilgan zaliga ham sohaning bir guruh fidoyi xodimlari, faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlari bayram munosabati bilan yig‘ildi.
Anʼanaga ko‘ra bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijrosi bilan boshlandi.
Shundan keyin tabrik uchun so‘z Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedovga berildi.
Boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylanganligini, dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini taʼminlash, eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash borasida tegishli tegishli qarorlar qabul qilinib, ijroga qaratilganligi bugun o‘zining ijobiy samarasini berayotganligini taʼkidlab o‘tdi.
Shu bilan birgalikda yurtimizda tinchlik osoyishtalikni taʼminlash borasida ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan tub islohotlar va ularning natijalari to‘g‘risida so‘z yuritib, Davlatimiz mustaqilligini mustahkamlash hamda jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashish yo‘lida o‘z jonidan kechgan ichki ishlar organlari xodimlarning yorqin xotirasi kasbdoshlari xotirasida mangu saqlanishini eʼtirof etib o‘tdi.
Shuningdek boshqarma boshlig‘i o‘z nutqi davomida Ichki ishlar Vazirining bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigini ham o‘qib eshittirdi.
Tantanali tadbir taqdirlash jarayoni bilan davom etdi. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan bayram arafasida “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan viloyat IIB JTSB xodimi kichik serjant Davronbek Madraximovning yuksak mukofotga sazovor bo‘lganligi yana bir bor eʼtirof etildi.
Xodimning erishgan yutuqlari va qo‘lga kiritgan ijobiy natijalarini eʼtirof etish uni kelgusida yana-da shijoat bilan xizmat qilishga undaydi. Shuni inobatga olgan holda bayram munosabati bilan Ichki ishlar Vazirining buyrug‘iga asosan viloyat ichki ishlar organlari xodimlaridan bir guruhi vazirlikning ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan bo‘lsa, yana bir guruh fidoyi xodimlar viloyat IIB boshlig‘ining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbiriga ichki ishlar organlarida uzoq yillardan buyon samarali xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalari taklif etilib, ularga farzandini vatanga sadoqat ruhida tarbiyalaganliklari uchun minnatdorchilik bildirilib, bayram sovg‘alari topshirilgani esa ishtirokchilarning cheksiz olqishiga sazovor bo‘ldi.
Xorazm viloyati IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibining doimiy eʼtiborida bo‘lgan faxriylardan bir guruhiga va xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlariga ham bayram sovg‘alari ulashildi.
Tadbir yakunida taqdirlanganlardan bir guruhi so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yuksak eʼtirof hamda ishonch uchun o‘z tashakkurlarini bildirib, kelgusida Vatanga va xalqqa sadoqat bilan qilishga tayyor ekanliklarini aytib o‘tdilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati