1 Mart 2023 yil 570

Xorazm viloyati IIB da “Xavfsiz hayot uchun barchamiz birlashaylik” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida joriy yil 1-mart kuni  OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi.

Bu galgi matbuot anjumani mavzusi respublikamiz bo‘ylab joriy yilning mart oyi “Xavfsiz hayot uchun” oyligi deb eʼlon qilinganligidan kelib chiqib, “Xavfsiz hayot uchun barchamiz birlashaylik” deb nomlandi.

Matbuot anjumaniga tashrif buyurgan bloger va jurnalistlarga mavzuga mos ravishda “Xavfsiz hayot uchun” yozuvi tushirilgan nur qaytaruvchi nimchalar tarqaldi.

Matbuot anjumanida spiker sifatida Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i polkovnik Jaxongir Sadullayev va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Baxtiyor Masharipovlar ishtirok etdi.

Matbuot anjumani avvalida viloyat IIB boshlig‘ining matbuot kotibi podpolkovnik Zokir Ismoilov ishtirokchilarni kun tartibi, muhokama mavzusi va spikerlar bilan tanishtirib o‘tdi.

Polkovnik Jaxongir Sadullayev o‘z so‘zida mazkur matbuot anjumanini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad to‘g‘risida to‘xtalib, bugungi kunda respublikamizda yo‘l-transport hodisalari natijasida bevaqt xalok bo‘layotgan va jarohat olayotgan yurtdoshlarimiz soni yuqoriligicha qolayotganligini tashvishli xolat ekanligini, yo‘l-transport hodisalari oldini olish borasida ishlab chiqilayotgan chora-tadbirlarni kundalik hayotga keng tatbiq etishda OAV vakillari, jurnalist va blogerlarning hamkorligi alohida axamiyat kasb etishini taʼkidlab o‘tdi.

Shundan keyin podpolkovnik Baxtiyor Masharipov 2022 yil va 2023 yilning o‘tgan davrida viloyatimiz hududida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, ularda xolak bo‘lgan va jaroxat olgan yurtdoshlarimiz to‘g‘risida batafsil maʼlumot berdi.

Yo‘l-transport hodisalari natijasida jabrlangan yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari asosida tayyorlangan videolavha namoyish etilgach, savol-javoblarga o‘tildi.

Jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan har bir savolga masʼul xodimlar tomonidan atroflicha javob berildi.

O‘z navbatida bloger va jurnalistlarga viloyatimiz hududida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni bevosita YPX inspektorlariga hamroxlik qilgan holda keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazishda hamkorlik taklif qilindi.

Ijtimoiy tarmoq blogerlari matbuot anjumani davomida muhokama qilingan xolatlardan kelib chiqib, “Xavfsiz hayot uchun” aksiyasi faol ishtirok etishlarini, hamda keng jamoatchilik o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib etishda faol qatnashishlarini taʼkidlab o‘tdilar.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech