Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlarining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Yoshlarga eʼtibor - kelajakka eʼtibor, demakdir. Shularni inobatga olgan holda, bugungi kunda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, iqtidorlarini namoyon etishlari uchun shart-sharoitlarni yaratib berish masalalariga davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Yoshlar bilan ishlash va ularning komil inson bo‘lib yetishishlarini taʼminlash borasidagi zarur malaka va tajriba ichki ishlar organlarining xodimlarida mavjud desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shundan kelib chiqib, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasining masʼul xodimlari tomonidan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid uchrashuvlar va davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan navbatdagisi "Payshanba - huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni" munosabati bilan Yangiariq tumanida 5-son umumiy o‘rta taʼlim maktabining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan bo‘lib o‘tdi.
O‘zaro ishonch va samimiylik asosida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda o‘quvchi yoshlarga bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida barcha sohalarda yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
Ayniqsa internet va undagi ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish yuzasidan berilgan tavsiyalar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otib, uchrashuv qizg‘in baxs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati