Xorazm viloyati IIB Probatsiya bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar
Mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Probatsiya bo‘limi tomonidan jinoiy-huquqiy sohadagi qonunchilik ijrosini taʼminlash, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sud hukm yoki ajrimlarining ijrosini taʼminlash borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda nazorat ostidagilarning yashash manzilida hamda ish joylarida muntazam bo‘lishlariga aniqlik kiritish, ularni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish, hisobda turib, jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab qochib, yashirinib yurgan mahkumlarga nisbatan qidiruv eʼlon kilish, mahkumlarni o‘z vaqtida ishga joylashtirish va xududiy korxonalar bilan shartnomalar tuzish, mahkumlarni sud hukmida belgilangan taʼqiq(cheklash)larga to‘liq rioya qilinishiga alohida eʼtibor berilyapti. Bunda sud hukmi va ajrimlari ijrosini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, bu yuzadan aniq vazifalar belgilab olinmoqda.
Qonuniylik va meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni chuqur tahlil qilish hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlari bo‘yicha chiqarilgan sud hukm(ajrim)larining ijrosini taʼminlash maqsadida mahkumlarning har biri bilan yakka tartibda karantin qoidalariga rioya qilgan holda profilaktik suhbatlar o‘tkazilyapti. Bunda sodir etilgan jinoyatlarning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi shuningdek, mahkumlarning shaxsi va hulq-atvoriga alohida eʼtibor berilmoqda.
-Ichki ishlar organlari tizimidagi probatsiya xizmati oldiga bugungi kunda dolzarb bo‘lgan vazifalardan biri, ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish bo‘yicha faoliyatini boshqa davlat organlari va tashkilotlari hamda jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda samarali tashkil etish belgilab berildi,-deydi viloyat IIB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Hamid Kazakov.-Xodimlarimiz bu muhim talablar asosidaozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm etilgan mahkumlar bilan keng ko‘lamdagi profilaktik tadbirlarni amalga oshirishmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Probatsiya bo‘limida 2194 nafar mahkumlar hisobda turgan bo‘lib, ular sud hukm(ajrim)larida belgilangan jazolarni o‘tab kelishmoqda. Shundan 594 nafari ahloq tuzatish ishlariga, 383 nafari ozodlikni cheklash jazosiga, 4 nafari esa majburiy jamoat ishlariga hukm qilingan. Shuningdek, 38 nafari shartli hukm qilingan, 215 nafari muayyan huquqdan mahrum etilgan va 960 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan mahkumlarni tashkil etadi.
Sud hukm(ajrim)larining ijrosini taʼminlash, hisobda turgan mahkumlar bilan muntazam ravishda profilaktik tadbirlar olib borilayotgani bois 348 nafar mahkumlar jazo o‘tash davrida o‘zining ijobiy tomonlarini ko‘rsatib, tuzalish yo‘liga kirganligi aniqlandi. Bu yuzadan jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlariga taqdimnomalar yuborilib, yuqorida qayd etilgan mahkumlar o‘talmay qolgan jazo muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
Jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab yurgan mahkumlarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalalari bo‘yicha ham bir qator tadbirlarni amalga oshirayapmiz. Joriy yilning o‘tgan davri tahlillariga ko‘ra 56 nafar mahkumlar sudlar tomonidan tayinlangan jazodan bo‘yin tovlaganligi sababli ularning jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan bo‘lgan jazo turiga almashtirildi. Shuningdek, ichki ishlar organlari sohaviy xizmat xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida oldingi yillardan buyon qidiruvda bo‘lgan 20 nafar mahkum qo‘lga olinib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortildi.
Mamlakatimizda insonparvarlik tamoyili ustuvor bo‘lganligi uchun ham bugungi kunda jinoyat sodir qilgan shaxslarning ko‘pchiligi jazoni ijro etish joylaridan muddatidan ilgari shartli ravishda yoki jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilib, o‘z oilasi bag‘riga qaytib kelishyapti. Afsuski, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmayotgan, kechirimlilikni o‘nglanish uchun emas, balki yana bir jinoyat sodir etish uchun imkoniyat, deb bilayotgan kimsalar ham uchramoqda.
Jazo muqarrarligini taʼminlash, mahkumlar ongida qonunga itoatkorlik hissini uyg‘otish borasida Probatsiya bo‘limi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlari bilan hamkorlikda joylarda sayyor sud yig‘ilishlari o‘tkazilmoqda. Ushbu sayyor sudlarga probatsiya guruhlari hisobida turgan mahkumlar taklif qilinib, sud jarayonlarida jazoni o‘tash davrida belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan, ishga vijdonan munosabatda bo‘lgan, tuzalish yo‘liga o‘tgan shaxslarni muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yoki jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, sud tomonidan o‘rnatilgan taʼqiq va cheklovlarga rioya qilmagan ayrim mahkumlarning jazo turlarini og‘irroq jazoga almashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Nazorat ostidagi shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir qilinishining oldini olish, ularni ahloqan tuzatish, ijtimoiy moslashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida viloyat IIB tashabbusi bilan viloyat hokimligi, Yoshlar Ittifoqining viloyat kengashi, bandlik bosh boshqarmasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, jazoni ijro etish joylaridan qaytib kelgan shaxslarni ijtimoiy-huquqiy himoyalash ko‘nikma markazi bilan hamkorlikda “Yo‘l xarita”si ishlab chiqildi hamda mahkumlarning xulqi, yashash va turmush tarzi, bandligini taʼminlash bo‘yicha maʼlumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu boradagi tahlillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, shu yilning o‘tgan davri mobaynida 22 marotaba sayyor sud yig‘ilishlari, 14 marotaba “Ishga marhamat!” sayyor tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 95 nafar fuqaroga “Sahovat va ko‘mak umumxalq xayriya dasturi” doirasida hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida kundalik ehtiyoj mollari topshirildi. Muayyan kasbga ega bo‘lmagan nazorat ostidagi 2 nafar shaxs o‘zlari qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Probatsiya bo‘limi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning hukm va ajrimlari asosida ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish, muammolarini o‘rganish va hal etish, muayyan kasb-hunarga yo‘naltirish kabi ko‘plab madaniy-maʼrifiy tadbirlar belgilangan karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilayotgan tadbirlarda probatsiya nazorati ostida turgan mahkumlarning muammolarini aniqlash, ularni qiynayotgan masalalarni sinchkovlik bilan o‘rganish va amaliy yordam berish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb etish, ular tomonidan takroran jinoyat sodir etilishining barvaqt oldini olish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri