3 Sentyabr 2021 yil 575

Xorazm viloyati IIB tarkibidagi markazning maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi

Bugungi kunda mamlakatimizda inson huquq va erkinlarini taʼminlash maqsadida olib borilayotgan chora-tadbirlar nafaqat keng jamoatchilik tomonidan shu bilan birgalikda halqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baxolanmoqda.

Buni normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki bino-inshoatlarni bunyod etish zamiridagi asosiy maqsad fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinlarini himoya qilish ekanligida ham ko‘rishimiz mumkin.

Inson hayoti davomida turli vaziyat va sharoitlarga tushib qolishi mumkin. Xususan muayyan yashash joyini yoki shaxsiga oid hujjatlaridan ajralib qolishi ham mumkin.

Xorazm viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga qarashli Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi aynan shunday holatdagi shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Ushbu markaz tomonidan shu kunga qadar foydalanib kelingan bino maʼnan eskirib qolgan edi.

Shu bois Xorazm viloyati IIB tomonidan markaz uchun yangi bino qurish tashabbusi ilgari surildi va ushbu taklif Xorazm viloyati Hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Davlatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu maʼmuriy bino xalqaro standartlar asosida qisqa muddat qurib bitkazildi.

Markaz maʼmuriy binosining foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tadbirda Xorazm viloyati Hokimi F.O‘.Ermanov, viloyat IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov, ichki ishlar organlarining bir guruh xodimlari va faxriylari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat Hokimi 75 o‘rinli ushbu binoda saqlanuvchi shaxslar uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilganligini eʼtirof etib, binoni qurishda faol ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Ramziy lenta kesgach, tashrif buyurgan mexmonlarning barchasi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Shundan keyin viloyat Hokimi viloyat IIB boshlig‘i hamroxligida bugungi kunda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlarida foydalanib kelinayotgan texnikalar bilan yaqindan tanishdi va kelgusida ichki ishlar organlarining moddiy-texnik bazasini boyitish, sohaga innovatsion texnikalarni kengroq jalb etish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilab oldilar.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech