25 Noyabr 2021 yil 620

Xorazm viloyati IIB tashabbusi bilan “Voyaga yetmaganlarning taʼlim tarbiyasida ota-onalarning tutgan o‘rni” mavzusida seminar o‘tkazildi

Bugungi kunda, mamlakatimizda voyaga yetmaganlarni huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularning qonuniy manfaatlarini muhofaza etish, eng asosiysi, barkamol avlodni tarbiyalash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ayni paytda mamlakatimiz aholisining qirq foizini voyaga yetmaganlar tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichning o‘ziyoq masala nechog‘lik dolzarb ahamiyatga ega ekanidan darak beradi. Bu jarayonda ota-ona, mahalla-ko‘y, taʼlim muassasalari, umuman, keng jamoatchilik zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklanadi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Xorazm viloyati IIB rahbariyati tashabbusi bilan “Voyaga yetmaganlarning taʼlim tarbiyasida ota-onalarning tutgan o‘rni” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarga viloyatdagi nazoratsiz va qarovsiz qoldirilganligi sababli  davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar taklif etildi. Ular dastlab Xorazm viloyati IIB tasarrufidagi  “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam qo‘rsatish markazi” faoliyati va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Shu alohida taʼkidlash lozimki, mazkur markazda voyaga yetmaganlarning musiqa, sport, kompyuter texnologiyalari, kitobxonlik, tikuvchilik borasidagi qiziqishlarini yana-da rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek  markazga keltirilgan har bir voyaga yetmaganning sog‘ligi, kuniga uch mahal ovqatlanishi, kiyinishi, taʼlim tarbiyasi va dam olishi tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.

Lekin, bugungi kunda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga barham berish, ularning nazoratsiz va qarovsiz qolishini oldini olish borasidagi ishlarda ayrim ota-onalarning tutgan o‘rni sezilmayapti.

Seminarda so‘z olgan Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov ham aynan voyaga yetmaganlarning nazoratsiz va qarovsiz qolishini oldini olish borasida ota-onalarning masʼuliyatini oshirish,  tarbiya avvalo oiladan boshlanishi, ota-ona farzandiga birinchi tarbiyachi ekanligi, hamda ota-ona bolalar tarbiyasi uchun davlat va jamiyat oldida javobgar ekanligi to‘g‘risida to‘xtalib, voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtlaridan unumli foydalanishni tashkil etish borasida jamoat va davlat tashkilotlari hamda mahalla o‘rtasida uzviy samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish dolzarb masala ekanligiga eʼtibor qaratib, yuksak axloqli, bilimli, vatanparvar yoshlarni yetishtirish pirovard maqsad ekanligini taʼkidlab o‘tdi.

Shuningdek, seminarda Xorazm viloyat sudi raisining o‘rinbosari, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi viloyat kengashi direktori, psixolog-pedagog hamda viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan o‘zlarining fikr mulohazalarini bildirdilar.

Shuningdek seminarda ishtirok etgan ota-onalarning savollariga ham mutasaddilar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech