26 Oktyabr 2020 yil 728

Xorazm viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda giyohfurushlik bilan bog‘liq bir necha jinoyat fosh etildi

Giyohvandlik - umr zavoli va taraqqiyot kushandasidir. Shu bois mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, o‘tkazish, shuningdek taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga yo‘naltirilgan “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbiri har yili ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Joriy yilda mazkur tadbirning ikki bosqichi ham o‘z yakuniga yetgan bo‘lsada, giyohvandlikka qarshi kurash uzluksiz davom etmoqda.

Jumladan, 2020 yil 14 oktyabr kuni Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan Urganch shahrida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida, gugurt qutisiga joylangan “marixuana” giyohvandlik vositasini 600 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotishga uringan, 1988 yilda tug‘ilgan, D.X. jinoyat ustida qo‘lga olindi. Shuningdek unga hamrohlik qilib yonida kelgan tanishi, 1992 yilda tug‘ilgan M.R.ning yoni holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, u gugurt qutisiga joylangan “marixuana” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab cho‘ntagida saqlab qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi. Ularning ikkalasiga ham Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xuddi shuningdek, joriy yilning 19 oktyabr kuni boshqarma xodimlari tomonidan Urganch shahrida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir natijasida, gugurt qutisiga joylangan “marixuna” giyohvandlik vositasini 500 000 so‘mga sotishga uringan, 1967 yilda tug‘ilgan Q.O‘. va 1996 yilda tug‘ilgan M.M. lar jinoyat ustida qo‘lga olindi. Surishtiruv jarayonida, 1981 yilda tug‘ilgan A.R. ularning jinoiy sherigi ekanligi aniqlanib va uning boshqaruvidagi avtomashina saloni ko‘zdan kechirilganida 14 dona gugurt qutisiga joylashgan “marixuna” giyohvandlik vositasini kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi. Giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi. Mazkur xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 20 oktyabr kuni viloyat IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan, Urganch tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan, M.M.   Urganch shahrida to‘xtatilib, yonlari ko‘zdan kechirilganida, uning yonidan 40 konvalyuta “Tramadol lannaxer” tabletkasi topildi. Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra ushbu tabletkalar tarkibida giyohvandlik vositalari mavjudligi tasdiqlanganligi sababli Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 24 oktyabr kuni hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, ilgari sudlangan, Sh.N. 49,36 gramm “opiy” giyohvandlik vositasini qonunga xilof 20 000 000 so‘mga sotayotgan paytida jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Olib borilgan surishtiruv jarayonida u ushbu “zahri qotil”ni mahalladoshi, 1989 yilda tug‘ilgan, M.M. dan 15 000 000 so‘mga sotib olganligi maʼlum bo‘ldi. O‘zgalar hayoti va sog‘lig‘ini zaharlash evaziga boylik orttirishni ko‘zlagan ushbu shaxslarga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech