Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi faoliyatidan
Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlari xalqaro aeroport, temir yo‘l vokzallari, bekatlar hamda u yerdan o‘tuvchi yo‘lovchi va yuk poyezdlarining xavfsizligini taʼminlash, tovar-moddiy boyliklarining talon-taroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashishdek muhim vazifalarni amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishmoqda. Bunda asosiy eʼtibor xududdagi tezkor vaziyatni doimiy ravishda nazorat qilib borish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, sodir etilgan har bir noxush holatlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida xizmat xodimlari tomonidan turli huquqbuzarliklar sodir qilgan 1320 nafar fuqaroga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va ular qonun doirasida javobgarlikka tortildi. Shuningdek, shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagani 3 nafar fuqaro viloyat IIB PPX va JTSBga qarashli reablitatsiya markaziga, 11 nafar shaxs esa norkologiya dispanseriga joylashtirildi.
Qidiruv yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor tadbirlarda ham mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanildi. Natijada qidiruvda bo‘lgan bir nafar shaxs viloyat xududida ushlanib, qidiruv yig‘ma jildi tugatildi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan qidiruv eʼlon qilingan shaxslardan 2 nafari yaʼni toshkentlik T. Sanjar hamda farg‘onalik D. Habibullolar qo‘lga olinib, tegishli tartibda ichki ishlar boshqarmalariga topshirildi. O‘tgan davr mobaynida xududda o‘g‘irlik, talonchilik, bezorilik, firibgarlik, og‘ir va yengil tan jarohatlari yetkazish, qotillik, nomusga tegish kabi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
-Boshqarmamiz nazoratidagi xududlarda 30 ta korxona va tashkilot hamda 1 ta Urganch xalqaro aeroporti mavjud,-deydi viloyat IIB Transportda XTB boshlig‘i, podpolkovnik Maqsud Xudayberganov.- Temir yo‘llar atrofida 80 ta mahalla, 45 ta o‘quv muassasasi joylashgan. Xodimlarimiz ushbu xududlarda tezkor profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etishga qaratishgan. Har xaftaning payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” va har xaftaning chorshanba kuni “Temir yo‘llarda xavfsiz kun” tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazib borilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor belgilangan xududlar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, temir yo‘l inshootlariga shkast yetkazmaslik, voyaga yetmagan yoshlarni eʼtiborsiz qoldirmaslik kabi ko‘plab masalalarga qaratilgan.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi profilaktik tadbirlarga qaramasdan baʼzi fuqarolar hamon qonun talablariga eʼtiborsiz munosabatda bo‘lishmoqda.
Urganchlik A. Farog‘at voyaga yetmagan M. Fotima hamda D. Marjonalarni qo‘rqitib, fohishalikka majburlab, tadbirga jalb qilingan fuqaroga bir oy muddatga har birini 500 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Jinoyat sodir etgan bu kimsaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shuningdek, joriy yilning 12 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Urganch shahrida yashovchi B. Shoxruh hamda M. Otanazarlar o‘zaro jinoiy til biriktirib, 2.56 gramm marixuna giyohvand moddasini sotgan paytida qo‘lga olindi.
Temir yo‘llarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha ham qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Temir yo‘lning aholi zich joylashgan xududlaridagi piyodalar o‘tish joylariga ogohlantiruvchi belgilar hamda temir yo‘lning qo‘riqlanmaydigan kesishmalariga ogohlantiruvchi qizil va ko‘k yonuvchi chiroqlar o‘rnatildi. Xizmat xududida amalga oshirilgan bu kabi profilaktik tadbirlar natijasida baxtsiz hodisalar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Bugungi kunda ayrim yoshlarimiz hayotimizda uchrayotgan baʼzi salbiy illatlar, qolaversa, oila-turmush doirasidagi muammolar, ota-onalarning eʼtiborsizligi, loqaydligi tufayli huquqbuzarlikka qo‘l urishmoqda. Xizmat xodimlari bunday noxush holatlarning oldini olish maqsadida temir yo‘lga yaqin xududlardagi mahallalarda qator profilaktik tadbirlar olib borishmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida belgilanmagan xududlarda maqsadsiz yurgan 94 nafar voyaga yetmaganlar aniqlanib, ular tilxat orqali ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga topshirildi. Shuningdek, 9 nafar voyaga yetmagan yoshlar maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun bu yo‘nalishda to‘plangan hujjatlar shahar va tuman hokimligi qoshidagi voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalariga yuborildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish masalalari xizmat samaradorligining oshishida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, respublika ichki ishlar vazirligining tegishli buyruqlari asosida xodimlarning maʼnaviy ongini, madaniyatini, siyosiy-huquqiy bilim saviyasini oshirish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, xodimlarning oilaviy sharoitini o‘rganish, ularni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, xizmatini munosib baholash hamda rag‘batlantirib borishga alohida eʼtibor qaratayapmiz. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida o‘z xizmat faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 69 nafar xodimlar pul mukofotlari, 5 nafari esa “Mehr-sahovat” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi.
Shaxsiy tarkib bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda xodimlarning xizmat intizomi va qonunchilikka qatiy rioya etishini taʼminlash, vatanga halol, vijdonan xizmat qilish sharafli burch ekanligini, har qanday mashaqqatli xizmat ortida yurtimiz tinchligi, xalqimizning baxtu-saodati turgani tushuntirib borilyapti.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.