Xorazm viloyati IIB TXTB masʼul xodimlari tomonidan targ‘ibot uchrashuvi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi IIV Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” Aksiyadorlik jamiyatining 2019 yil 2 apreldagi qo‘shma rejasiga asosan har xaftaning chorshanba kuni “Temir yo‘llarda xavfsiz kun” sifatida belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda har chorshanba kuni mamlakatimiz temir yo‘llarida xavfsizlikni taʼminlash, yuk va yo‘lovchilarni o‘z manziliga betalofat yetkazish qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Jumladan, Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tomonidan navbatdagi “Temir yo‘llarda xavfsiz kun” doirasidagi profilaktik tadbir xizmat ko‘rsatish hududining eng chekka qismi bo‘lgan, viloyat markazidan qariyb 130 km uzoqlikdagi Tuproqqalʼa tumanining cho‘l hududida joylashgan “Turon” temir yo‘l razyezdida o‘tkazildi.
Ushbu razyezd “Buxoro-Miskin” temir yo‘l liniyasida joylashgan bo‘lib, temir yo‘llar orqali yo‘lovchi va yuk tashish poyezdlarining harakatlanishida muhim strategik ahamiyatga ega hisoblanadi. Ayni kunlarda bir sutkada 4 ta yo‘lovchi va 6 ta yuk poyezdi harakatlanuvchi ushbu razyezdda xavfsizlikni taʼminlashda temir yo‘l ishchilari bilan Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi Pitnak bekatidagi bo‘linma xodimlari o‘zaro hamkorlikda samarali xizmat olib bormoqdalar.
Bu boradagi hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi sababli, 2020 yil davomida ushbu hududda jinoyat va huquqbuzarliklar qayd etilmadi.
Joriy chorshanba kuni Xorazm viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘tkazilgan targ‘ibot uchrashuvida Toshkent-Xiva-Toshkent yo‘nalishida “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdi harakati yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan temir yo‘l razyezdida xizmat olib boruvchi xodimlarga o‘z xizmat vazifalarini bajarishga yana-da masʼuliyat bilan yondashishlari tushuntirib o‘tildi, hamda razyezd hududida xavfsizlikni taʼminlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar o‘rganib chiqildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati