27 Noyabr 2021 yil 618

Xorazm viloyati IIB “Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi” tuzildi

Xorazm viloyatida xizmat safarida bo‘lib turgan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tashabbusi bilan 27 noyabr viloyat IIB tizimida xizmat qilayotgan xotin-qizlar ishtirokida xizmat intizomi va qonunchilik yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda dastlab viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari mayor L.Yakubov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi IIV ning 2021 yil 24 sentyabr kuni  “Ichki ishlar organlarida xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risida” gi 348-son hamda 2021 yil 21 oktyabr kuni “ Ichki ishlar organlari maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 400-son buyruqlari qabul qilinganligini ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazdi.

Shundan keyin Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati bosh inspektori mayor Yu.Hamdamova so‘zga chiqib, IIV ning yuqoridagi buyruqlari asosida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan, jumladan ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan xotin-qizlar bilan ishlashni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish tartibi to‘g‘risida batafsil tushuntirdi.

Xususan, endilikda viloyat IIB xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tuzilishi belgilanganligi sababli, kengash tarkibi ushbu umumiy yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandilar.

Yig‘ilish yakunida, Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik D.Bog‘ibekova so‘zga chiqib, bugungi kunda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z yuritib, bu boradagi ishlarni amalga oshirish jarayonida tizimda xizmat qilayotgan barcha xotin-qizlar faol ishtirok etishlari lozimligini taʼkidlab o‘tdi.

Umumiy yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech