Xorazm viloyatida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar
Xorazm viloyatida har xafta “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida manzilli profilaktik tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy xaftada esa profilaktika tadbirlar xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish va ruhiy-asab kasalliklari bo‘yicha dispanser hisobida turgan shaxslarning kundalik hayot tarzi va ruhiyatini o‘rganishga yo‘naltirildi.
Jumladan, zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish viloyat markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda, zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni ijtimoiy hayotga qaytarish, ularga huquqiy, maʼnaviy-psixologik yordam berish masalalari muhokama etildi.
Muhokamalar jarayonida Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tarkibidagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼul xodimalar ishtirok etib, o‘z xizmat hududlarida yashovchi, ruhiy va jismoniy tazyiqqa uchraganligi uchun “Himoya orderi” berilgan xotin-qizlarning ayni kundagi turmush tarzi yuzasidan maʼlumot almashdilar. Ijtimoiy-huquqiy himoyaga muxtoj xotin-qizlarga amaliy yordam ko‘rsatish, ularni doimiy ish o‘rni bilan taʼminlash yuzasidan qarorlar qabul qilinib, mutasaddi shaxslarga aniq vazifalar berildi.
Ruhiy kasalliklardan aziyat chekuvchi shaxslarning ayrimlari tajovuzkor bo‘lishi hech kimga sir emas. Shu bois, ruhiy-asab tizimida nuqsoni bo‘lganligi uchun dispanser hisobida turgan, lekin shifokor tavsiyasiga ko‘ra oila aʼzolarining nazorati ostida, uy sharoitida davolanib kelayotgan shaxslarni hududiy profilaktika inspektorlari va patronaj hamshiralari tomonidan ruhiyati o‘rganilib, ularga davolash rejasi asosida tibbiy dori-darmonlar tarqatildi. Ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar paydo bo‘lgan shaxslarni statsionar tartibda davolash yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati