6 Yanvar 2021 yil 714

Xorazm viloyatida “Eng namunali uyushma” tanlovi o‘tkaziladi

Xorazm viloyatida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi uyushmalar o‘rtasida “Eng namunali uyushma” tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda mazkur uyushmalar rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov taklif kiritdi.

Tanlovning asosiy mezoni sifatida uyushma tarkibidagi yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarning yo‘l-harakati qoidalariga qatʼiy rioya etishi va yo‘l-transport hodisalarini sodir etmasligi belgilab olindi.

2021 yil yakunida tanlov g‘olibi bo‘lgan uyushma nomi eʼlon qilinadi. G‘olib jamoa viloyat Ichki ishlar boshqarmasining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘asi bilan taqdirlanadi.

O‘z navbatida tarkibidagi haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib kelgan va yo‘l-transport hodisalarini sodir etgan uyushmalar ham yil yakunida eʼlon qilinadi.

Xorazm viloyatida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tanlov namunali yo‘l harakati xavfsizligini tashkil etish va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda o‘zining ijobiy samarasini berishi kutilmoqda.

Viloyat IIB boshlig‘ining mazkur taklifini yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi barcha uyushmalar qabul qilib, tanlovda faol ishtirok etishlarini bildirib o‘tdilar.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech