30 Mart 2022 yil 429

Xorazm viloyatida gender zo‘ravonlik holatlariga idoralararo javob qaytarishning milliy mexanizmi yo‘lga qo‘yildi  

Joriy yil 29 mart kuni poytaxtda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YUNFPA) bilan hamkorlikda gender asosidagi zo‘ravonlik holatlariga idoralararo javob qaytarish mexanizmini takomillashtirish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan profilaktika ishlarini yaxshilash hamda OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida “Gender zo‘ravonlik holatlariga idoralararo chora ko‘rishning milliy mexanizmi: natija va yutuqlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirda Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik Dilnoza Bog‘ibekova ishtirok etib, Xorazm viloyatida  xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish, Standart operatsion ish tartiblar (SOP) ko‘lamini kengaytirish, gender zo‘ravonlik holatlariga idoralararo javob berish tizimini takomillashtirish, zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga har tomonlama xizmatlar ko‘rsatish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan olib borilayotgan profilaktika ishlari yuzasidan batafsil tushuntirib o‘tdi.

Shuningdek, “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ni amalga oshirish doirasida ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday turiga barham berish, gender zo‘ravonlikka idoralararo javob qaytarish bo‘yicha “Standart operatsion ish tartiblari”ni o‘zlashtirgan mutaxassis-trenerlar tomonidan joriy yilning 28 fevral – 2 mart kunlari Xorazm viloyatida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha hamkasblariga kaskad usulida o‘tkazilgan trening mashg‘ulotlari natijalari monitoring qilindi.

Davra suhbatida ushbu monitoring xulosalarini muhokama qilish, tavsiyalar ishlab chiqish, gender zo‘ravonlik holatlariga idoralararo javob qaytarish mexanizmini takomillashtirish, jabrlanuvchilarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish (shu jumladan,  o‘qitish, tarmoq va tarmoqlararo SOPlarni kengaytirish), zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan profilaktika ishlarini kuchaytirish, OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda jurnalistlar va blogerlarning gender tengligi ko‘nikmalarini oshirish kabi masalalar shoʻbalarga bo‘lingan holda muhokama qilindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech