Xorazm viloyatida ichki ishlar xodimiga pora berishga uringan shaxs qo‘lga olindi
Respublikamiz bo‘ylab keng qamrovda olib borilayotgan “Qoradori-2020” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida Xorazm viloyatida kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish va yetishtirish bilan bog‘liq bir necha jinoiy holatlar fosh etilganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan 2020 yil 16 sentyabr kuni Urganch tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir jarayonida, o‘z uyida 4 tup kannabis o‘simligini ekib, yetishtirib kelayotgan, 1974 yilda tug‘ilgan, M.S. ning jinoiy qilmishi fosh etildi.
M.S. jinoiy javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida, qilmishlarini fosh etgan ichki ishlar xodimiga 1000 AQSH dollari miqdorida pora taklif qildi. Tezkor xodim “pora berish ham, uni olish ham jinoyat” ekanligini bir necha bor taʼkidlagan bo‘lsada, M.S. o‘z niyatidan qaytmadi.
Ichki ishlar organi xodimining rahbariyatga bergan xabari asosida prokuratura xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, taklif etilgan summaning bir qismini, yaʼni 500 AQSH dollarini pora tariqasida berayotgan M.S. jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan M.S. ga nisbatan prokuratura tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 270-moddasi 1-qismi (Taqiqlangan ekinlarni etishtirish) va 211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati