25 Aprel 2022 yil 475

Xorazm viloyatida jamoat xavfsizligi konsepsiyasining ijrosiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi Farmoniga ko‘ra qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi” milliy xavfsizlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblangan jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini belgilovchi muhim hujjatdir.

25 aprel kuni Xorazm viloyati IIB majlislar zalida bo‘lib o‘tgan konferensiyada aynan yuqoridagi konsepsiyaning Xorazm viloyatida ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Konferensiyada jamoat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha respublika idoralararo ishchi guruhi rahbari yaʼni Ichki ishlar Vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, polkovnik B.T.Abdullayev hamda Xorazm viloyati bo‘yicha ishchi guruh tarkibiga kiruvchi organlarning masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

Polkovnik B.T.Abdullayev o‘zining kirish so‘zida, konsepsiya qabul qilinishining zaruriyati va uning jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, konsepsiyaga asosan endilikda ichki ishlar organlarining Jamoat tartibini saqlash, Huquqbuzarliklar profilaktikasi, Yo‘l harakati xavfsizligi va Probatsiya xizmatlari o‘zining xizmat vazifalarini bajarishda yagona boshqaruv ostida birlashganligi, bu esa o‘z navbatida vazifalarni o‘zaro hamkorlikda, bir-biriga amaliy yordam bergan holda bajarish imkonini berganligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek Jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimi tarkibiga kiruvchi jamoat xavfsizligini taʼminlovchi va unda ishtirok etuvchi subyektlarning aniq vazifalari yana bir batafsil tushuntirilib, ular tomonidan amalga oshirilgan hamda kelgusida rejalashtirilgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Jumladan, Xorazm viloyati  Mahalla va nuroniylarni qo‘llab quvvatlash,  Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar,  Sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda viloyat prokuraturasi masʼul xodimlarining hisobotlari tinglandi.

Konferensiyada muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib galdagi vazifalar belgilab olindi.

Bir so‘z bilan aytganda mazkur konsepsiya jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonunchilikni yana-da takomillashtirib, milliy xususiyatlar va sharoitlarni eʼtiborga olgan holda xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etgan holda, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikning taʼminlanganlik darajasi oshirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Shu bilan birgalikda jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatining shaffofligi va oshkoraligi taʼminlanadi, sohada jamoatchilik bilan uzviy hamkorlik darajasi oshadi, jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatiga ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullari hamda ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech