Xorazm viloyatida jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashish faoliyati mahallabay usulida amalga oshiriladi
Xorazm viloyatida 2021 yilda jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasidagi ishlarni mahallabay tarzda amalga oshirish boshlandi.
Bunda viloyatdagi ichki ishlar, prokuratura va Milliy gvardiya organlarining xodimlari mahallalarga biriktirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuch va vositalari asosan kriminogen vaziyati og‘ir va jinoyatlar soni oshgan mahallalarga jalb qilindi.
Jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashishning mahallabay usulining ijobiy tomonlaridan biri sifatida masʼul xodimlar kundalik ish faoliyatini bevosita mahallaning o‘zida boshlab, kun davomida mahallada faoliyat olib borishidir. Bu esa mahallada yashovchi aholining dardu-tashvishi va ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish imkonini kengaytirdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari bugungi kunda keng jamoatchilikda ham jinoyatchilikka murosasizlik ruhini oshirmoqda.
Buni yoshlarning o‘z mahallasini jinoyat va huquqbuzarliklardan holi hududga aylantirish maqsadida “Jamoat nazorati maskani” va tungi patrullik guruhlari tarkibida faol ishtirok etayotganida ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek “Xavfsiz va obod mahalla” hamda “Raqamli mahalla” konsepsiyasi asosida mahalla ko‘chalari va obyektlarda kuzatuv kameralarini o‘rnatish, qo‘riqlash pultiga ulash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
“Xorazm tajribasi” sifatida ko‘rilayotgan jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashishning mahallabay usuli o‘zining ijobiy samarasini berishi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati