22 Yanvar 2021 yil 718

Xorazm viloyatida jinoyatchilikni jilovlash “mahallabay” usulida amalga oshirilmoqda

2021 yilda jinoyatchilikni jilovlash borasida “Xorazm tajribasi” sifatida ko‘rilayotgan profilaktik chora-tadbirlar bugun o‘zining ijobiy samarasini berishni boshladi.

Sodir qilingan jinoyatlarni fosh etish va javobgarlikni taʼminlashdan ko‘ra, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish jamiyat uchun foydali ekanligi barchaga birdek ayon.

Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda Xorazm viloyatida jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoatchilikning hamkorligi mustahkamlandi.

Bunda viloyatdagi har bir mahallada profilaktika inspektori bilan birgalikda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va Prokuratura organlaridan biriktirilgan xodimlar tomonidan kunlik targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.

Asosiy eʼtibor aholining shaxsiy daxldorlik hissini oshirishga, hududlar va obyektlarni kuzatuv kameralari bilan jixozlash hamda obyektlarni Qo‘riqlash xizmatining “Texnik qo‘riqlash pultiga”ga ulashga qaratilmoqda.

Shu bilan birgalikda, oldi olinishi mumkin bo‘lgan, lekin jamoatchilikning eʼtiborsizligi, loqaydligi sabab mahallada sodir etilgan har bir jinoyat mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida, og‘ir yoki o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar esa bevosita viloyat IIB rahbariyati ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, mahallaning kirish-chiqish joyiga “Ushbu mahallada jinoyat oshgan”, “Jinoyat sodir etgan shaxslardan nafratlanamiz” degan mazmundagi bannerlar o‘rnatilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech