12 Noyabr 2022 yil 60

Xorazm viloyatida “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

IIV Xorazm akademik litseyida IIV Birlashgan tahririyati tomonidan nashrga tayyorlangan “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar hamda litsey o‘quvchilari ishtirok etishdi. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni IIV Xorazm akademik litseyi direktori vazifasini bajaruvchi, podpolkovnik Azamat Matyoqubov ochib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr etish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga alohida eʼtibor berilayotgani, ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham ana shunday xayrli ishning uzviy davomi ekanligini taʼkidlab o‘tdi.

Tadbirda IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri, polkovnik Bernora Sadiqova ishtirok etib, mazkur kitobni tayyorlash va nashr etish jarayonlariga to‘xtalib, kitob inson tafakkurini boyituvchi, maʼnaviyatini yuksaltiruvchi muhim vosita ekanligini, kitobni o‘ziga do‘st, deb bilgan har bir kishi hayot qiyinchiliklarini osongina yengib o‘tib, jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi xususida o‘z fikrlarini bildirdi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda so‘z olgan viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bog‘ibekova, viloyat IIB boshlig‘ining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Rustam Raximov, ichki ishlar organlari faxriylari, isteʼfodagi polkovniklar Aminboy Tojiyev, Shavkat Ibragimov, G‘ofirjon Davlatov, Ilmir Hamidulin, isteʼfodagi podpolkovniklar Shavkat Otajonov, Bahodir Raximov, Madamin Ochilovlar “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobi o‘quvchini bir zum bo‘lsa-da, o‘tmishga sayohat qilishga chorlaydigan, undagi hayotiy voqealar, xizmat jarayonlari esa har bir kishini hayotga ziyrak nazar tashlashga undaydigan asar bo‘lganligini tilga olib o‘tishdi. 

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda xizmat vazifasini bajarishga masʼuliyat bilan yondoshayotgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlariga hamda litseyning eng faol o‘quvchilariga “Faxriy yorliq”lar, “Tashakkurnoma”lar hamda kitoblar sovg‘a qilindi.

     

                                                                          Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                 “Postda” muxbiri.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech