Xorazm viloyatida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini ijro etishda o‘ziga xos tajriba yaratiladi
Joriy yilning 6-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayxo Mahkamova va IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Umida Abdullayevalar tomonidan Xorazm viloyatida ijtimoiy profilaktikani amalga oshirishning o‘ziga xos tajribasini yaratishga qaratilgan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Bosh Vazir o‘rinbosari rahbarligidagi ishchi guruh aʼzolari dastlab Yangibozor tumani “Ochaqalʼa” mahallasida bo‘lib, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoxud huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan keyin, Yangibozor tumanidagi barcha mahallalar “beshligi”, viloyat ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari hamda viloyatdagi barcha shahar-tuman ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzurida yaqinda faoliyat boshlagan “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlarining aʼzolari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.
Taʼkidlash lozimki, Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligining ““Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga ko‘ra endilikda mahallalarda faoliyat olib borayotgan profilaktik inspektorlari yetakchi moderator hisoblangan ushbu tamoyil mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi tomonidan uzviy hamkorlikda amalga oshiriladi.
Seminarda trenerlar tomonidan bugungi kunda ijtimoiy profilaktikaning obyekti bo‘lgan, yaʼni bandligi taʼminlanmagan mehnatga layoqatli bo‘lgan, shu jumladan doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, farzand tarbiyasiga befarq munosabatda bo‘layotgan ota-onalar, alkogolni, shuningdek psixotrop moddalarni va kishining aql-irodasiga kuchli taʼsir etuvchi boshqa moddalarni suiisteʼmol qiluvchilar, qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga ruju qo‘ygan yoshlar, nizoli oilalar aʼzolari, jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilib, ijtimoiy moslashtirishga muhtoj bo‘lgan, uzoq vaqt davomida o‘zaro nizo va adovatda bo‘lib kelayotgan shaxslar, nazoratsiz va qarovsiz qolgan 14 dan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar, turmushidan ajrashib, ijtimoiy-iqtisodiy og‘ir ahvolga tushib qolgan ayollar, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli yoshlarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatishga, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida Xorazm viloyatining o‘ziga xos va mos bo‘lgan tajribasini yaratish bo‘yicha asoslantirilgan fikr-mulohazalarini bildirildi.
Shuningdek, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisining o‘ziga biriktirilgan toifadagi shaxslarga profilaktik taʼsir ko‘rsatish va ularni ijtimoiy moslashtirish faoliyati har chorak yakunida tuman (shahar) miqyosida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari boshliqlari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi, yoshlar siyosati va sport bo‘limi tomonidan birgalikda muhokama qilinib, “mahalla beshligi”ning faoliyati baholanishi ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazilib, kelgusida o‘z xizmat vazifalarini bajarishga yana-da masʼuliyat bilan yondashishlari tushuntirildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati