Xorazm viloyatida “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktika kuni” munosabati bilan keng qamrovli profilaktik tadbirlar olib borilmoqda
24 avgust kuni ertalab Urganch shahri markazida “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan mahalliy hokimlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida xizmatoldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi.
Unda Xorazm viloyati Hokimi Jo‘rabek Rahimov, viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi Murodxon Axmedov, viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Milliy Gvardiya viloyat boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ilxom Bekchanov va boshqa masʼul rahbarlar ishtirok etdilar.
Yo‘riqnomada so‘zga chiqqan Xorazm viloyati Hokimi va viloyat IIB boshlig‘i tomonidan ishtirokchilarga kun davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid tadbirlar tushuntirilib, ushbu tadbirlar davomida ko‘zlangan samaradorlikka erishish yuzasidan zarur tavsiya va topshiriq berildi.
Shu bilan birgalikda Davlatimiz Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan mahallalar va shahar-tuman markazlarida bayram tadbirlarini o‘tkazish vaqtida jamoat tartibini saqlashni namunali tarzda tashkil etish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.
Shuningdek viloyat hududida huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash hamda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirok etib kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlaridan bir guruhi, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va yoshlar yetakchilariga pul va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shundan keyin, Xorazm viloyati Xokimining viloyatda faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda profilaktika inspektorlarining shaxsiy hayoti va xizmat faoliyatida uchrayotgan muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mahallalar, jamoat joylari va mehnat jamoalarida huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati