27 Noyabr 2020 yil 874

Xorazm viloyatida “Tazyiq va zo‘ravonliksiz 16 kun” shiori ostida seminar-yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” deb eʼlon qilingan bo‘lsa, aynan ushbu nufuzli tashkilot tomonidan 1945 yil 10 dekabr kuni “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” qabul qilingan.

Yuqoridagi tarixiy sanalar munosabati bilan mamlakatimizda gendar tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish maqsadida “Tazyiq va zo‘ravonliksiz 16 kun” shiori ostida turli ijtimoiy yo‘naltirilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi hamda viloyat Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi masʼul xodimlari hamkorligida viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda seminar-yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisining oila va  xotin-qizlarning ijtimoiy-maʼnaviy masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etgan ushbu seminarlarda asosiy eʼtibor xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish jarayonida xalqaro va milliy qonunchilikda nazar tutilgan normalardan samarali foydalanish lozimligiga qaratiladi.

Shuningdek ishtirokchilarga oilaviy, qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi maishiy muammo va nizolarni dastlabki bosqichidayoq aniqlash, muhokama qilish va bartaraf etish yuzasidan ilg‘or tajribalar o‘rgatiladi.

Bundan tashqari shaxsning shaxsiy hayotiga oid maʼlumotlarni uning roziligisiz ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish lozimligi uqtirilmoqda.

Bu kabi seminar-yig‘ilishlar viloyatdagi oliy va o‘rta-maxsus taʼlim muassalari pedagog hamda talablari o‘rtasida ham o‘tkazilmoqda.

Seminar ishtirokchilariga Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi tomonidan tayyorlangan profilaktikaga oid buklet va qo‘llanmalar tarqatildi.

     Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech