Xorazm viloyatida “Tozalash-Antiterror” profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda
Mahalliy hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hamda keng jamoatchilik hamkorligida o‘tkaziladigan “Tozalash-Antiterror” profilaktik tadbiridan ko‘zlangan asosan maqsad jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash bilan birgalikda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini yana-da oshirishdan iboratdir.
Joriy yilning 1 dekabr kunidan boshlab Xorazm viloyati hududida navbatdagi “Tozalash-Antiterror” profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Tadbir davomida viloyat ichki ishlar organlari tomonidan ham bir qator profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, o‘qotar qurollar bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida, ov quroliga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan qurol va ularning o‘q-dorilarini saqlash tartibiga rioya qilinishining ahvoli o‘rganilmoqda.
Bu borada kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan havaskor ovchilar ogohlantirilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur topshiriqlar berilmoqda.
Albatta ushbu yo‘nalishda hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida, ayrim fuqarolar tegishli hujjatlarsiz uyida saqlayotgan ov qurollari va ularning o‘q-dorilarini ixtiyoriy ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish holatlari ham kuzatildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qilish organlariga topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinadi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati