16 Dekabr 2022 yil 475

Xorazm viloyatida “Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbiri olib borilmoqda

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan Yangi yil bayramini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlarini namunali tarzda tashkil etish maqsadida “Xavfsiz hudud” keng qamrovli profilaktik tadbiri olib borilmoqda.

Viloyatning barcha shahar-tuman ichki ishlar organlarida o‘tkaziladigan xizmat oldi yo‘riqnomalarida bevosita viloyat IIB masʼul xodimlari ishtirok etib, shaxsiy tarkibga xizmat olib borish jarayonida eʼtibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlarni atroflicha tushuntirib, har bir xodim o‘z xizmat vazifasini bajarishga sidqidildan yondashishi lozimligi alohida taʼkidlanmoqda.

Xizmatga jalb qilingan hududiy ichki ishlar organlari HPB profilaktika inspektorlari aholi yashash punktlarida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini ham olib bormoqdalar. Patrullik naryadlari tungi paytda xizmat faoliyatini olib boruvchi ko‘ngilochar maskanlar, ovqatlanish shahobchalari, mexmonxonalarga tutash hududlarda olib boriladi. 

Shuningdek, profilaktik tadbir doirasida voyaga yetmaganlarning tungi paytda ko‘ngilochar maskanlarida bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasida profilaktik ogoxlantiruv ishlari olib borilmoqda.

Viloyatimiz hududida  pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlash va bartaraf etish ham profilaktik tadbirlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan bo‘lib, tadbir boshidan buyon pirotexnika buyumlari bilan bog‘liq bir necha xolatlar aniqlandi.

Umumiy ovqatlanish shahobchalari va tungi paytda faoliyat olib boruvchi ko‘ngilochar maskanlarning ish yurituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga ushbu obyektlarda bezorilik, tan jarohati yetkazish kabi huquqbuzarliklarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek “Xavfsiz hudud” profilaktika tadbiri doirasida jinoyatlarni fosh etishga hamda qidiruvdagi shaxslarni ushlashga eʼtibor qaratilgan.

Ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turgan shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech