Xorazm viloyatida “Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi”ning ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yana-da qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi “Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan mamlakatimizning barcha hududlarida “Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi” o‘z faoliyatini boshladi.
Viloyat va shahar-tumanlar kesimida tashkil etilgan mazkur kengashlar tarkibida tegishincha viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va shahar-tuman IIB HPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari jamoatchilik asosida faoliyat olib boradilar.
Joriy yilning 16 sentyabr kuni Urganch shahrida Xorazm viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tashabbusi bilan mazkur kengashning ilk yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari mayor D.Bog‘ibekova ham ishtirok etdi va jamiyatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash, xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarni, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash borasida kelgusida kengash tomonidan amalga oshiriladigan tizimli ishlar to‘g‘risida o‘zining takliflarini bildirdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati