8 Dekabr 2022 yil 553

Xorazm viloyatida “Zo‘ravonliksiz oila – farovon hayot sari” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi

BMT Bosh assambleyasining 1999 yil 17 dekabr kunidagi rezolyutsiyasiga ko‘ra, 25 noyabr kuni – “Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash kuni” deb eʼlon qilingan. Respublikamizning barcha hududlarida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha — “Inson huquqlarini himoya qilish kuni”ga qadar keng ko‘lamli profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan edi.

Shu munosabat bilan xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan bir qator tadbirlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.

Xorazm viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” loyihasi asosida “Zo‘ravonliksiz oila – farovon hayot sari” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda huquq-tartibot idoralarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼullari, nodavlat-notijorat tashkilotlarining rahbar hamda xodimlari, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan tuman, shaharlardagi ijtimoiy moslashuv markazlari masʼullari ishtirok etdilar. 

Ochiq muloqotda so‘zga chiqqanlar yurtimizda keyingi yillarda gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan izchil va samarali saʼy-harakatlar, xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlashning qonunchilik meʼzonlari, ayollarga nisbatan kuch ishlatish, ayniqsa, oiladagi zo‘ravonlikni bartaraf etishga jiddiy ahamiyat qaratilganligi, xotin-qizlarning teng huquqliligini taiminlash, ularga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishlarini oldini olish, ayollarning huquq va erkinliklarini himoyalash borasida to‘xtaldilar. 

Taʼkidlanganidek, joriy yilning 10 oyi davomida viloyatda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 2 ming 134 nafar xotin-qizlarga himoya orderi berildi. Bundan tashqari ularning aksariyat qismiga psixologik yordamlar ko‘rsatildi.

Mamlakatimizda oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha sakkizta normativ-huquqiy hujjat, yaʼni 2 ta qonun, 1 ta Prezident qarori va 5 ta Hukumat qarori qabul qilindi. 2021 yil 9 dekabrdagi “Og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shulardan biridir.

Qonun bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi. Natijada, 2019 yilda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun bilan asos solingan meʼyoriy-huquqiy baza yana-da takomillashtirildi.

Ochiq muloqot davomida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda gender tengligiga erishish mavzulari yuzasidan maʼruzalar tinglandi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech