Xorazmda ommaviy sportni rivojlantirish borasidagi hamjihatlik
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatida dastlabki amaliy jarayonlarga kirishildi.
Jumladan, mahallalarda ichki ishlar organlarining hududiy profilaktika inspektorlari tomonidan olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida aholining ommaviy sport bilan shug‘ullanishga qiziqishi ortmoqda.
Albatta, ayni kunlarda sport mashg‘ulotlarini o‘tkazishda viloyatdagi aksariyat mahallalarda mavjud bo‘lgan sport majmualari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Hududiy profilaktika inspektorining o‘zi istiqomat va xizmat qiluvchi mahallasida oila aʼzolari bilan ertalabki badantarbiya mashqlarini o‘tkazayotgani mahalladoshlariga ijobiy o‘rnak bo‘lmoqda.
Shuningdek profilaktika inspektorlari fuqarolar ommaviy sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanayotgan hududda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki ommaviy sport mashg‘ulotlarida turli yoshdagi aholi ixtiyoriy ravishda faol ishtirok etmoqda.
Kelgusida har bir mahallada sport maydonchasi, piyodalar va velosiped yo‘lakchalarini yaratish rejalashtirilgan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati