25 Sentyabr 2020 yil 856

Xorazmda voyaga yetmaganlar nazoratsizligi bo‘yicha reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda

Yoshlar kelajagimiz, shu bois ularning taʼlim va tarbiyasi doimo eʼtiborda bo‘lishi darkor.  Respublikamizda 15 sentyabrdan 15 oktyabrga qadar o‘tkazilishi belgilangan “Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va ahloq-odob oyligi”dan ko‘zlangan asosiy maqsad ham yoshlar va voyaga yetmaganlar orasida turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishdir.

Xorazm viloyatida mazkur oylik doirasi viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Milliy gvardiya, Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashi, Xalq taʼlimi boshqarmasi hamda viloyat Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash boshqarmasi hamkorligida profilaktik reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Reyd tadbirlari davomida asosiy eʼtibor, karantin qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritayotgan ko‘ngilochar maskanlarini aniqlash hamda voyaga yetmagan shaxslarning ota-onasidan biri yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz ko‘ngilochar joylarda bo‘lishi bilan bog‘liq holatlarga qaratildi.

Reyd davomida aniqlangan, voyaga yetmagan bolalarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagan, shu jumladan voyaga yetmagan bolalari huquqbuzarlik sodir etgan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar taalluqliligi bo‘yicha voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy (shahar-tuman) idoralararo komissiyalariga yuborildi.

Bundan tashqari alohida g‘amxo‘rlikka, shuningdek o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan ota-onasi bo‘lgan hamda bolalarning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘dirayotgan yoki ularning taʼminoti, tarbiya va taʼlim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotgan bolalarga vasiy yoki homiy biriktirish masalasi yuzasidan to‘plangan hujjatlar Vasiylik va homiylik organining hududiy bo‘limlariga taqdim etildi.

Oylik doirasidagi profilaktik tadbirlar davom etadi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech