Xorazmda yoshlar orasida giyohvandlik vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish oyligi faol davom etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining farmoyishiga asosan joriy yilning 1 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar respublikamizda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarini tarqatilishiga qarshi kurashish” oyligi deb eʼlon qilinganligi to‘g‘risida ilgari xabar bergan edik.
Ayni kunlarda Xorazm viloyatida mazkur oylik doirasida taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda profilaktik yo‘nalishdagi targ‘ibot-tashviqot ishlari faollik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi IIV va Xorazm viloyati IIB hamda sog‘liqni saqlash tizimi masʼul xodimlari ishtirokida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali talabalari va IIV Xorazm Akademik litseyi o‘quvchilari bilan oylik doirasida o‘tkazilgan uchrashuv yuqori saviyada tashkil etildi.
Uchrashuvlarda bugungi kunda xalqaro miqyosda va respublikamizda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida, shuningdek talaba va o‘quvchilarning mavzu yuzasidan bergan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil maʼlumot berildi.
Giyohvandlikning salbiy oqibatlari aks etgan, IIV Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan “O‘zini yo‘qotganlar” va “Biz OITSga qarshimiz, Sizchi?” nomli videofilmlarning uchrashuvlarda namoyish etilayotganligi yoshlarning giyohvandlikka qarshi murosasizligini oshirishda hissa qo‘shmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati