Xotin-qizlar bandligini taʼminlash va kasb-hunarga yo‘naltirish borasidagi hamkorlik
Xorazm viloyatida xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida viloyat Bandlik bosh boshqarmasi va IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha masʼul xodimlari o‘rtasida uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan Urganch shahrida yangi bunyod etilgan “Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi monomarkazi”dagi o‘quv kurslarining aksariyati aynan xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan kasb-hunarlarni o‘rgatishga mo‘ljallangan.
Viloyat ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turgan yoki tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar IIB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlarining tavsiyasi asosida ushbu o‘quv kurslariga qabul qilinishi bo‘yicha o‘zaro kelishuv belgilandi.
Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va kasb-hunarga yo‘naltiruvchi bu kabi markazlarni mahallalarda tashkil etish ko‘zda tutilgan. Jumladan, Urganch shahrining “Jaloliddin Manguberdi” nomli mahallasida tashkil etilgan ana shunday markazda bugungi kunda 10 dan ortiq xotin-qizlar kasb-hunar o‘rganish bilan birgalikda, o‘zini-o‘zi ish bilan ham band qilmoqda.
Viloyat ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari mazkur markazlarga tashrif buyurib, xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish, hamda ularni huquqiy himoya qilish va maslahat berish borasida uchrashuvlar o‘tkazib bormoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati