Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqasida Xorazm viloyati IIB jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi
Bugun mamlakatimizdagi barcha sohalar kabi huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ham xotin-qizlarning safi kengayib bormoqda. Ayniqsa xotin-qizlar shahodatlangan tarkibda erkaklar bilan nafaqat yelkama-yelka turib xizmat qilish bilan birgalikda turli musobaqalarda ishtirok etib o‘zlarining jismoniy va jangovor qobiliyatlarini ham namoyon etmoqdalar.
“Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan 8 mart- “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan uyushtirilgan sport musobaqasida Xorazm viloyati IIB, viloyat Milliy Gvardiya boshqarmasi, DXX viloyat boshqarmasi, viloyat Bojxona boshqarmasida xizmat qilayotgan xotin-qizlardan iborat 4 ta terma jamoa qatnashdi.
Ishtirokchi xotin-qizlar sportning “Pnevmatik quroldan o‘q otish”, “Darts”, “Shashka” hamda “Stol tennisi” turlarida o‘zlarining jismoniy qobiliyatlari va epchilliklarini namoyon etdilar.
Sportda omad kuchlilarga kulib boqadi, degan ibora mazkur musobaqada ham o‘z isbotini topdi.
Xorazm viloyati IIB terma jamoasi sharafini himoya qilgan katta leytenant Nasiba Abdullayeva sportning “Stol tennisi” turida o‘z raqibalariga imkon qoldirmagan bo‘lsa, safdor Nargiza O‘razbayeva “shashka” musobaqasida o‘zining barchadan iqtidorligi ekanligini namoyon etdi. Leytenant Malika Matniyozova sportning “Darts” turi bo‘yicha o‘tgan sinovda, o‘zining mohir mergan ekanligini isbotlagan holda viloyat IIB terma jamoasi musobaqa shohsupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egallashiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
“Pnevmatik quroldan o‘q otish” yo‘nalishida ishtirok etgan viloyat IIB jamoasi vakilasi katta serjant Umida Shokirova ham sovrindorlar safidan joy oldi.
Musobaqada shaxsiy va jamoaviy hisobda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga diplom, medal va qimmatbaxo sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.
Do‘stona va murosasiz ruhda o‘tgan musobaqa yakuniga ko‘ra Xorazm viloyati IIB terma jamoasi umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, DXX viloyat boshqarmasi va Milliy Gvardiya viloyat boshqarmasi terma jamoalari shoxsupaning ikkinchi va uchinchi pog‘onasini band etishdi.
Tashkilotchilar o‘z navbatida ishtirokchi xotin-qizlarni bayram bilan tabriklab, ularning kelgusidagi kasbiy faoliyati va shaxsiy hayotida omad yor bo‘lishini tiladilar.
“8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu musobaqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qilib kelayotgan xotin-qizlar o‘rtasida sportni ommalashtirishga hissa qo‘shishi bilan birgalikda, ularning madaniy hordiq chiqarishlarida ham munosib o‘rin tutdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati