Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida hamkorlik o‘rnatildi
So‘nggi yillarda jamiyatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar yangi bosqichga chiqqan.
Bugun jamiyatimizda faoliyat yuritayotgan har qanday tashkilot bu borada o‘z faolligini namoyon qilmoqda.
26 yanvar kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Xorazm viloyati Kengashida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ham aynan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar muhokama etildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining viloyat kengashi qoshida tashkil etilgan “Deputat ayollar klubi” aʼzolari qatnashgan mazkur yig‘ilishda Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik D.Bog‘ibekova ham ishtirok etib, viloyatimizda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida hisobot berdi va bu boradagi ishlar ko‘lamini yana-da kengaytirish maqsadida “Deputat ayollar klubi” va viloyat IIB o‘rtasida uzviy hamkorlik o‘rnatishni taklif qildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan viloyat hamda shahar va tumanlar kengashlariga deputat etib saylangan xotin-qizlar mazkur yig‘ilishda masofadan turib videokonferens aloqa orqali ishtirok etdilar va kun tartibidagi masala yuzasidan o‘zlarining fikrlarini bildirib, ichki ishlar organlari bilan o‘rnatilgan hamkorlikni ijobiy baholadilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati