Yangi O‘zbekistonni korrupsiyadan holi mamlakatga aylantirishda birlashaylik. Sog‘lom turmush – faravon xayot
Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Chunki, ichki ishlar organlari xodimlarini ona-Vatanga va xalqiga sodiq, kasbiga fidoyi, mustaqil fikrlaydigan, izlanuvchan, intiluvchan, ziyrak, hushyor hamda istiqlol g‘oyalariga sadoqatli bo‘lgan maʼnaviyatli va maʼrifatli qilib tarbiyalashda aynan “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari”ning o‘rni beqiyosdir.
“Yangi O‘zbekistonni korrupsiyadan holi mamlakatga aylantirishda birlashaylik” va “Sog‘lom turmush – faravon xayot” nomli mavzular asosida 5 fevral kuni o‘tkazilgan navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” ham ichki ishlar organlari xodimlarining siyosiy-huquqiy va maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini yana-da boyitishga hissa qo‘shdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, mashg‘ulotda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi surishtiruv bo‘limi katta surishtiruvchisi Baxtiyor Nurmetov “Yangi O‘zbekistonni korrupsiyadan holi mamlakatga aylantirishda birlashaylik” mavzusida so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi normativ-huquqiy hujjatlar bazasi, shuningdek 2021 yil va 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fosh etilgan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar tafsiloti to‘g‘risida yaqindan tanishtirib o‘tdi. Shu bilan birgalikda notiq o‘z nutqida korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi salbiy oqibatlari to‘g‘risida ham batafsil tushuntirish berdi.
Bundan tashqari “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi”da “Sog‘lom turmush – faravon xayot” mavzusida maʼruza qilgan Toshkent Axborot texnalogiyalari universiteti Urganch filiali amaliyotchi psixologi - xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Maqsuda Xudayberganova tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning salbiy oqibatlari haqida hayotiy misollarni keltirib o‘tganligi esa tinglovchilarning bu boradagi fikrlarini yana-da kengaytirdi.
Yuqoridagilar bir bir qatorda “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” yakunida Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining bir guruh fidoyi xodimlariga navbatdagi va birinchi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuni taʼkidlab o‘tish lozimki 5 fevral kuni Xorazm viloyati IIB tarkibidagi barcha sohaviy va hududiy ichki ishlar organlarida “Maʼnaviyat va maʼrifat darslari” mana shunday yuqori saviyada tashkil etildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati