“Yashil makon” umummilliy loyihasi: Xorazm viloyati IIB tomonidan ekilayotgan ko‘chatlar soni ortib bormoqda
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Albatta bu boradagi chora-tadbirlarni “Yashil makon” umummilliy loyihasining ijobiy samarasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xorazm viloyatida “yashil makon” lar tashkil etish maqsadida olib borilayotgan ushbu ezgu ishlarda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari ham faol ishtirok qilmoqdalar.
Yangiariq, Urganch va Xonqa tumanlari Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida joriy etilgan sektorlar kesimiga ko‘ra Xorazm viloyati IIB boshlig‘i rahbarlik qiluvchi 3-sektor tarkibiga kiradi. Shu bois Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov ko‘chat ekish dolzarb 40 kunligi mobaynida ushbu tumanlarda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Xorazm viloyati IIB boshqarmasi “yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ushbu tumanlarda suv yetib kelishi qiyin bo‘lganligi sababli foydalanilmasdan turgan yerlarni obod qilish tashabbusi bilan chiqdi.
Yangiariq tumanidagi mazkur hudud ham ana shunday yerlar toifasiga kiradi. Yer tilini tushunadigan mutaxassislar bilan kelishilgan holda ushbu sakkiz gektar yerni tutzorga aylantirish rejasi ishlab chiqildi.
Ezgu ish albatta ezgu niyatlardan boshlanadi. Shu bois ham dastlab ezgu niyatlar tilagan holda duo qilindi. Shundan keyin viloyat IIB boshlig‘i D.A.Nazarmuhamedov va tuman Hokimi A.K.Davletovlar egatlarga ko‘chat ekish jarayonini boshlab berdilar.
Ko‘pdan quyon qochib qutilmas deganlaridan bugungi ezgu ishga o‘zining hissasini qo‘shish uchun kelgan ichki ishlar organlari xodimlari ham kun davomida ushbu dalaga 24 ming donadan ortiq tut ko‘chatini ekishga erishdilar.
Boshqarma boshlig‘i ushbu ko‘chatlar ekilgan dalani kelgusida suv bilan taʼminlash, ko‘chatlarning to‘liq rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan agrotexnik ishlovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun amaliy yordam berishini taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek umummilliy loyiha doirasidagi ezgu ishlar Urganch tumanining “Hamid Olimjon” nomli mahallasida uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Mahalladagi ushbu 6 gektardan iborat dalaga 18 ming dona tut ko‘chati ekildi. Boshqarma boshlig‘i ushbu dalada ham bo‘lib, ko‘chat ekish loyihasida ishtirok etayotgan xodimlar bilan yelkama-yelka ko‘chat ekishda qatnashdi.
Albatta barpo etilayotgan ushbu tutzorlar kelgusida mamlakatimizda ipakchilik sanoatini shuningdek tut mevasidan olinadigan shifobaxsh sharbatlar ishlab chiqarishni yana-da rivojlantirishga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati