“Yashil makon” umummilliy loyihasi: Xorazm viloyati IIB tomonidan Xonqa tumanida yangi tutzor barpo etilmoqda
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Xorazm viloyatida “yashil makon” lar tashkil etish maqsadida olib borilayotgan ushbu ezgu ishlarda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari ham faol ishtirok qilayotganliklari to‘g‘risida ilgari aytib o‘tgan edik.
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3-sektor tarkibiga kiruvchi Xonqa tumanida eʼlon qilingan ko‘chat ekish “dolzarb 40 kunlik” mobaynida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish ishlariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Xonqa tumani Olaja qishlog‘ining eng chekka hududi bo‘lgan mazkur dala maydoni ham ancha yillardan buyon qarovsiz qolib, foydalanishdan chiqib qolgan edi.
Umummilliy loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning natijasi o‘laroq, ushbu dala maydoni ham bugun ko‘rkam bog‘u-rog‘ga aylanmoqda.
Mutaxassislarning ilmiy asoslangan fikr-mulohazalari inobatga olingan holda ushbu besh gektar yerni tutzorga aylantirish rejasi ishlab chiqildi.
Ezgu ishlarga ezgu niyatlar ila kirishildi.
Viloyat IIB boshlig‘i D.A.Nazarmuhamedov va Xonqa tumani Hokimi M.Davletovlar egatlarga ko‘chat ekish jarayonini boshlab berdilar.
Mazkur jarayonda ishtirok qilayotgan barcha ichki ishlar xodimlari va jamoatchilik vakillari ham ushbu xayrli ishga hissa qo‘shish maqsadida ko‘chat ekishda faol qatnashdilar. Darhaqiqat har bir yurtdoshimiz o‘zidan bog‘ qoldirishga harakat qiladi. Kun davomidagi samarali mexnat natijasida yana “yashil makon” barpo etildi.
Boshqarma boshlig‘i ushbu ko‘chatlar ekilgan dalani kelgusida suv bilan taʼminlash, ko‘chatlarning to‘liq rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan agrotexnik ishlovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun amaliy yordam berishini taʼkidlab o‘tdi.
Albatta barpo etilayotgan ushbu tutzorlar mamlakatimizda tobora rivodlanib borayotgan ipakchilik sanoatini yanada yuksaltirshga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati