18 Fevral 2022 yil 1286

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda targ‘ibot tadbirlari alohida o‘rin tutadi

Bugun mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan. Chunki, sodir bo‘layotgan yo‘l-transport  hodisalari natijasida insonlar hayotdan bevaqt ko‘z yummoqdalar, ularning orasida yosh bolalarning borligi esa yana-da ayanchli holdir.

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda targ‘ibot va tashviqot tadbirlari ham alohida o‘rin tutadi. Ana shundan kelib chiqqan holda, Xorazm viloyati IIB YHXB masʼul xodimlari tomonidan taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda doimiy ravishda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

18 fevral kuni “Juma - yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti kuni” hamda respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan "Diqqat piyoda" tadbiri doirasida Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Milliy gvardiya Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda joylashgan oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini jalb qilgan holda Xiva shahridagi 6-sonli umumtaʼlim maktabida "Namunali yo‘l harakati qoidalari sinf xonasi"da dars mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Bunda bolalarning yo‘llarda harakatlanishlari, maktabga kelib-ketishlarida eʼtiborli bo‘lishlari tushuntirildi. Shu bilan birga yo‘l belgilari, svetafor ishoralari hamda piyodalar o‘tish yo‘laklaridan foydalanish qoidalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Bu kabi targ‘ibot tadbirlari kun davomida viloyatimiz bo‘ylab uyushqoqlik bilan tashkil etildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech