28 Oktyabr 2020 yil 882

YОSН KITOBXONGA “SPARK” TOPSHIRILDI

Ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy va huquqiy bilimlarini oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu borada Xorazm viloyati IIB tomonidan “Eng yaxshi kitobxon”, “Men sevgan asar”, “Badiiy kitoblar bilimdoni”, “Men sevgan adib”, “Kitob − eng yaxshi do‘st” kabi ko‘plab maʼrifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Urganch shahrida “Urganch kitob markazi” tomonidan “Eng kitobxon oila” aksiyasi doirasida navbatdagi tadbir o‘tkazildi. Aksiyada 300 nafarga yaqin kitobsevarlar ishtirok etishdi. Hakamlar hayʼati aksiya ishtirokchilari bilan xarid qilgan kitoblari bo‘yicha savol-javoblar o‘tkazishdi. Eng zukko va zehnli kitobxonlar orasida o‘tkazilgan tanlovda Urganch davlat universitetining 1-bosqich talabasi Go‘zal Matrizayeva mutlaq g‘olib chiqdi va unga bosh sovrin “SPARK LUX” rusumli avtomashina tantanali ravishda topshirildi.

− Kitob − xazinalar kaliti, tafakkur chirog‘idir, − deydi viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha bosh inspektori, mayor Yulduz Hamdamova. − Zero, tafakkuri, dunyoqarashi keng, maʼrifatli kishilar jamiyatmizning chinakam tayanchi, qudratli kuchidir. Maʼnaviyat esa insonda kitob o‘qish orqali shakllanadi. Har qanday yangilik bir kun kelib eskiradi. Biroq insoniyatning asrlar davomida qo‘lga kiritgan tafakkur durdonalari bo‘lmish kitob aslo eskirmaydi. Bugungi kunda yosh avlodni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda kitobdan-da ulug‘roq va qudratliroq vosita yo‘q.

Tantanali tadbirda viloyat axborot-kutubxona markazi xodimlari ham ishtirok etib, aksiyada faol ishtirok etgan kitobxonlarga xazinalar kaliti bo‘lgan turli kitoblar sovg‘a qilishdi.

“Eng kitobxon oila” aksiyasi 2021 yilning 21 martiga qadar davom etadi.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri

Text to speech