“Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan eʼlon qilingan “Harbiy vatanparvarlik oyligi” doirasida Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
2021 yilda o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlarining g‘olibi bo‘lgan “Xorazm” jamoasining vakillari tomonidan olib borilgan mazkur “Zakovat” intellektual o‘yinida viloyatdagi harbiylashtirilgan tuzilmalar va ular tarkibidagi taʼlim muassasalari o‘quvchilaridan tashkil topgan jami 7 ta terma jamoa aʼzolari faol ishtirok etdi.
O‘tkir zehn va teran fikrlash qobiliyatiga egaligini namoyon eta olgan Xorazm viloyati Bojxona boshqarmasi va Milliy Gvardiya xodimlari hamda IIV Xorazm akademik litseyi o‘quvchilaridan iborat bilimdonlar jamoalari “Zakovat” intellektual o‘yinida munosib ravishda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, musobaqa diplomi va ishqibozlarning olqishiga sazovor bo‘ldilar.
Shuningdek, bellashuvda faol ishtirok etgan Xorazm viloyati IIB shaxsiy tarkibidan iborat jamoa yakunda to‘rtinchi o‘rindan joy oldi.
Ishtirokchilar tomonidan g‘oliblarga topshirilgan kitoblar jamlanmasi nafaqat ularning shaxsiy kutubxonasini shu bilan birgalikda bilimlarini ham yana-da boyitishi shubhasiz.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati