Jinoyatning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Shovot tumanining Guliston mahallasida yashovchi shaxs tomonidan joriy yilning 15 fevral kuni sodir etilgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish holati jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘ldi.
17 fevral kuni Shovot tumanida mazkur jinoyatning kelib chiqishga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘rganish, kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab olish maqsadida muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov, viloyat prokurori adliya katta maslahatchisi B.B.Qudratxo‘jayev, viloyat Hokimining o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i J.Q.Sadullayev hamda Shovot tumani sektor rahbarlari, Mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tumanning “Guliston” mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar ishtirok etdilar.
Dastlab, jinoyat tafsiloti to‘g‘risida Shovot tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisi tomonidan axborot berildi.
Shundan keyin, Xorazm viloyati IIB boshlig‘i bugungi kunda viloyatimizni jinoyatlardan butunlay holi hududga aylantirish borasida jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga qaramasdan bu kabi jinoyatlarning sodir etilishi aslo kechirib bo‘lmas holat ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Mazkur jinoyat oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyat ekanligidan kelib chiqqan holda, Shovot tumanining “Guliston”” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, uning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va profilaktika inspektorining jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Viloyat prokurori so‘zga chiqib, tuman hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda tashkil etilmayotganligini hamda masʼul rahbarlar tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlarga lozim darajada eʼtibor qaratilmaganligini aytib o‘tdi.
Muhokama yakunida, mazkur jinoyatning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar chuqur o‘rganilib, o‘z xizmat vazifalarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan masʼul xodimlarga nisbatan intizomiy chora qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati