26 Noyabr 2021 yil 621

“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun”: Hududlarda targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda

BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 17 dekabrdagi rezalyutsiyasiga ko‘ra “25 noyabr – Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuni” deb eʼlon qilingan.

2014 yilda esa BMT Bosh kotibi xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarni bartaraf etishga qaratilgan “UNiTE” nomli tashabbusini ochiq deb eʼlon qildi. Shu munosabat bilan har yili dunyo miqyosida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Bu borada mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda ayollar huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan sana munosabati bilan taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida seminar-trening va turli targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.

Xiva tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori katta leytenant S.Xudayberganova tomonidan tumanidagi kasb-hunar maktabida tahsil olayotgan o‘quvchi qizlar va pedagoglar ishtirokida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri ham aynan xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalariga qaratildi.

Shuningdek, seminar davomida jamiyatimizda gender tenglikni taʼminlash borasida so‘nggi yillarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni kundalik hayotimizga to‘liq va to‘g‘ri tatbiq etish borasida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga ichki ishlar organlari tomonidan tayyorlangan  huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid bukletlar tarqatildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati  

Text to speech