“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun”: Shovot tumanida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlari taassurotlarga boy bo‘ldi
Xorazm viloyatida 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turli tadbirlar o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida ilgari habar bergan edik.
Bu borada Shovot tumanida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, o‘tkazilayotgan targ‘ibot va profilaktik uchrashuvlar alohida eʼtirof loyiq desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
26 noyabr kuni Shovot tumani hokimligi majlislar zalida Xorazm viloyati IIB va tuman bo‘limi, tuman hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” Xalqaro aksiyasiga bag‘ishlangan tadbir bir qancha maqsadlarni qamrab oldi. Tadbirda Shovot tumani hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Otasheva, Xorazm viloyat IIB HPB boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Bog‘ibekova, Shovot tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik R.Eshmuradov, tuman IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori M.Rejabova va mahalla faollari hamda psixologlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib, ushbu masalalar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganligini aytib o‘tdilar.
Qolaversa, zo‘ravonlikni oldini olish, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga huquqiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda himoya orderlarini joriy etilishi natijasida bir qator oilalar tinchligi va totuvligi taʼminlangani borasida gapirib o‘tildi.
Shuningdek, kelgusida ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash va xotin-qizlarni jamiyatdagi mavqeini yana-da oshirishga qaratilgan hamkorlikni yana-da kuchaytirish belgilab olindi.
Tadbir so‘ngida mahalla faollari, psixolog va otinoyilar munosib rag‘batlantirildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati