7 Noyabr 2021 yil 833

Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi

Urganch shahrida ichki ishlar organlarining patrul-post xizmatlari o‘rtasida “Namunali patrul-post xizmati xodimi” va “Namunali patrul-post xizmati qism komandiri” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi boshlanganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Mazkur ko‘rik-tanlovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 maydagi “Ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bo‘linmalarining kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish, bilim saviyasini oshirish, ularning xizmat va jangovar shayligini taʼminlash maqsadida o‘tkazildi.

Hududiy ichki ishlar organlarining patrul-post xizmatlari o‘rtasida o‘rtasida o‘tkazilgan “Namunali patrul-post xizmati xodimi” va “Namunali patrul-post xizmati qism komandiri” ko‘rik-tanlovlarining g‘oliblari 4-6 noyabr kunlari Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan respublika bosqichida o‘zaro bellashdilar.

3 kun davom o‘tgan bellashuvlar jarayonida ishtirokchilar o‘zlarining sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zlashtirganlik darajasi, tabel qurolidan amaliy o‘q otish, qo‘l jangi usullarini bajarish, to‘sinda tortilish, 100 metrga yugurish, 3000 metrga yugurish, 50 metrga suzish va saf tayyorgarligi bo‘yicha bilim va mahoratlarini namoyish etishdi.

Joriy yilning 7 noyabr kuni Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi va Xorazm viloyati IIB rahbariyati so‘zga chiqib, barcha qatnashchilarni ko‘rik-tanlovdagi faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirib kelgusi faoliyatlarida omad tiladilar.

Shundan keyin ko‘rik-tanlov g‘oliblariga diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alarni topshirishga kirishildi.

“Namunali patrul-post xizmati xodimi” ko‘rik-tanlovida Toshkent viloyati IIB vakili safdor Sherozbek O‘lmasov 3-o‘ringa loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, 2-o‘rindan Xorazm viloyati IIB vakili serjant Doniyor Ibragimov joy oldi, faxrli 1-o‘rinni esa Navoiy  viloyati IIB  vakili safdor Sherali Sultanov egalladi.

 “Namunali patrul-post xizmati qism komandiri” ko‘rik-talovida esa  3-o‘ringa Toshkent shahar IIBB vakili leytenant Sanjarbek Abdumannobov loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, 2-o‘rindan Xorazm viloyati IIB vakili katta leytenant Anvar Madrimov joy oldi, faxrli 1-o‘rinni  Jizzax viloyati IIB vakili mayor G‘ofurjon Sharipov egalladi.

Shundan keyin uch kun davom etgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar nomi eʼlon qilindi.

Umumjamoa hisobida Toshkent viloyati IIBB terma jamoasi shoxsupaning uchinchi pog‘onasini band qilgan bo‘lsa, ikkinchi pog‘onadan Jizzax viloyati IIB terma jamoasi munosib o‘rin egalladi, ko‘rik-tanlovda mezbonlik qilgan Xorazm viloyati IIB terma jamoasi esa faxrli 1-o‘rinni egallab, shoxsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Shuningdek ko‘rik-tanlovda faol ishtirok qilganlarga tashakkurnoma, hamda barcha ishtirokchilarga IIV va Xorazm viloyati IIB tomonidan tayyorlangan qimmatbaho va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Tantanali tadbir ishtirokchilar va patrullik xizmatini tashkil etishda foydalanib kelinayotgan maxsus transport vositalarining tantanali yurishi bilan yakunlandi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech