2 Dekabr 2022 yil 1022

Terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishga uringan shaxslarga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi  

Xorazm viloyati, Xiva shahrida yashovchi 4 nafar 2002-2004 yillarda tug‘ilgan yoshlar “R.J.”, “S.O.”, “K.M.” va “X.A.”lar Internet tarmog‘ida “Sodiq Samarqandiy”, “Abdullox Buxoriy” va “Abdullox Zufar” taxallusidagi shaxslarning maʼruzalarini tinglashi oqibatida aqidaparastlik g‘oyalari taʼsiriga berilgan hamda Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilish fikri tug‘ilgan. Shu maqsadda, ular keyinchalik Internet  orqali terrorchilik tashkilotlari aʼzolari bilan aloqa o‘rnatib, ularning yo‘l-yo‘rig‘i va ko‘magida jangarilar lageriga chiqib ketishni rejalashtirganlar.

Mazkur fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudining 2022 yil 22 iyul kunidagi hukmiga binoan ushbu shaxslar turli muddatlarga jinoiy javobgarlikka tortildilar.

Shu o‘rinda, vatandoshlarimizdan muqaddas dinimizni buzib talqin qilayotgan yuqoridagi kabi “mafkurachi”larning go‘yoki “chiroyli” maʼruzalari taʼsiriga berilmasliklarini so‘raymiz. Ularning ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday targ‘ibot resurslaridan foydalanish amaldagi qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech