29 Sentyabr 2020 yil 831

Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va ahloq-odob oyligi: Xorazm viloyatida o‘tkazilayotgan reyd natijalari

Respublikamizda 15 sentyabrdan 15 oktyabrga qadar “Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqiy madaniyat va ahloq-odob oyligi” deb eʼlon qilinganligi hamda Xorazm viloyatida ushbu yo‘nalishda turli profilaktik va nazorat tadbirlari o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Jumladan, Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Milliy gvardiya, Yoshlar Ittifoqi viloyat kengashi, Xalq taʼlimi boshqarmasi hamda viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamkorligida reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Reyd davomida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘rildi.

Jumladan, karantin qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritayotgan ko‘ngilochar maskanlarini aniqlash hamda voyaga yetmagan shaxslarning ota-onasidan biri yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz ko‘ngilochar joylarda bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan bitta holat aniqlanib, aybdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, voyaga yetmagan bolalarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagan, shu jumladan voyaga yetmagan bolalari huquqbuzarlik sodir etgan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi 9 nafar shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan hujjatlar taalluqliligi bo‘yicha voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy (shahar-tuman) idoralararo komissiyalariga yuborildi.

Bundan tashqari alohida g‘amxo‘rlikka, shuningdek o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga muhtoj bo‘lgan   bir nafar bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga bevosita tahdid tug‘dirayotgan yoki uning taʼminoti, tarbiya va taʼlim olishiga doir talablarga javob bermaydigan sharoitda yashayotganligi aniqlanib, vasiy yoki homiy biriktirish masalasi yuzasidan to‘plangan hujjatlar Vasiylik va homiylik organining hududiy bo‘limiga taqdim etildi.

Umumiy hisobda reyd tadbirlari davomida 90 dan ortiq taʼlim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari va yuz nafardan ziyod voyaga yetmagan shaxslar bilan profilaktik suxbatlar o‘tkazildi.

Oylik doirasidagi profilaktik tadbirlar davom etadi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech