Savollar va javoblar

Familiyasi ismi, otasini ismini o’zgartirilganda ID-karta olish tartibi qanday?

Buning uchun fuqarolarimiz O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining tegishli ma’lumotlari (familiya, ismi, otasining ismi) shahar, tuman FXDYo organlari tomonidan o’zgartirib berilgan tug’ilganlik haqidagi guvohnomalarini yoki nikohdan o’tib turmush o’rtog’ining familiyasiga o’tgan taqdirda nikoh guvohnomasini taqdim etishlari lozim bo’ladi. Ushbu tegishli hujjatlarga asosan ularga yangi identifikatsiya ID-karta rasmiylashtirib beriladi.


Identifikatsiya ID-karta olishda kimlar davlat boji to’lashdan ozod etiladi?

O’zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvardagi “Davlat boji to’g’risida”gi O’RQ-600-son Qonunining 13-moddasiga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi fuqarolari quyidagi hollarda:

1) etim bolaga yoki ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan bolaga identifikatsiyalovchi
ID-kartasini berganlik uchun;

2) to’liq davlat ta’minotida bo’lgan shaxsga xorijga chiqish uchun O’zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini berganlik uchun.

3) O’zbekiston Respublikasi yoki chet davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar joylarning yoki yashash uchun mo’ljallanmagan joylarning yong’ini, qulashi, transport vositalarining yonishi) yuz berganligi natijasida jabrlangan jismoniy shaxslar yo’qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasi (biometrik pasporti) o’rniga tegishincha shunday identifikatsiyalovchi ID-karta berilganligi uchun davlat bojini to’lashdan ozod qilinadi.

Viloyatlarda vaqtincha turgan joyi bo’yicha ro’yxatga olish (vaqtincha ro’yxatdan o’tish) uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo’yicha ro’yxatga olish tartibi to’g’risida Nizom talablariga muvofiq, viloyatda ro’yxatdan o’tish uchun fuqaro kelgan kunidan boshlab o’n besh kun muddatda o’zi vaqtincha turgan joydagi MvaFRB yoki DXMga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq mulkdor arizasi yoxud notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan o’zi borish imkoni mavjud bo’lmasa;

mulkdor va vaqtincha ro’yxatga olinayotgan fuqaroning pasporti yoki identifikatsiya
ID-kartasi;

o’n olti yoshga to’lmagan shaxslar uchun — tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma yoki identifikatsiya ID-kartasi;

O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kontrakt bo’yicha harbiy xizmatchisining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);

harbiy hisob hujjatlari.

Viloyatlarda doimiy ro’yxatdan o’tish uchun qanday hujjatlar talab etiladi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi bo’yicha ro’yxatga olish tartibi to’g’risida Nizom talablariga muvofiq, fuqaro viloyatlarda doimiy yashash joyi bo’yicha ro’yxadan o’tish uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi hamda viloyatlar tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasining (bo’limining) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo’limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq mulkdor arizasi yoxud notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan borish imkoni mavjud bo’lmasa;

doimiy yashash joyi bo’yicha ro’yxatga olinayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosining pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi, harbiy hisob hujjatlari yoxud O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kontrakt bo’yicha harbiy xizmatchisining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);

nikoh tuzilganligi yoki bolalar tug’ilganligi to’g’risidagi guvohnomalar, shuningdek, vasiylikni (homiylikni) tasdiqlovchi hujjatlar hamda oilaga tarbiyaga olish to’g’risidagi kelishuv.

Chet elda yashovchi shaxslar O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi yoxud mansub emasligi yuzasidan ma’lumotnomani qaerdan olishlari mumkin?

O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi yoxud mansub emasligi yuzasidan ma’lumotnoma olish uchun shaxs doimiy istiqomat joyida ichki ishlar organiga, chet elda doimiy yashaydigan shaxs tomonidan esa O’zbekiston Respublikasining tegishli diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga tegishli ariza bilan murojaat etiladi. O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansublikni aniqlashda shaxsning O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi bilan bog’lanayotgan vaziyat boshlangan paytda amal qilib turgan O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari hamda O’zbekiston Respublikasi tuzgan xalqaro shartnomalarning qoidalari qo’llaniladi.

O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish tartibi haqida ma’lumot bersangiz?

O’zbekiston Respublikasining “O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risida”gi Qonunining 18-moddasida O’zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish turlari belgilangan

umumiy tartibda;

O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning umumiy tartibi chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

a) chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo’lsa;

b) fuqaroligi bo’lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan e’tiboran va O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to’g’risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar O’zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan bo’lsa;

v) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo’lsa;

g) O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o’z zimmasiga olsa;

d) davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ushbu modda birinchi qismining «b» bandida nazarda tutilgan shart O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda bo’lgan va nikoh tuzilganidan keyin O’zbekiston Respublikasi hududida turmush o’rtog’i bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi bo’lmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bunda, agar fuqaroligi bo’lmagan shaxs bir yil ichida O’zbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq bo’lmagan muddatga chiqqan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.

soddalashtirilgan tartibda;

O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo’lgan yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:

a) O’zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan, nasl-nasab shajarasi bo’yicha to’g’ri tutashgan loaqal bitta o’zidan oldingi qarindoshga ega bo’lsa;

b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo’lsa;

v) O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o’z zimmasiga olsa;

g) davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.

Ushbu modda birinchi qismining «a» bandida nazarda tutilgan shart ilm-fan va ilmiy faoliyat, texnika, madaniyat hamda sport sohasida katta yutuqlarga ega bo’lgan, shuningdek O’zbekiston Respublikasi uchun manfaatli kasbga yoxud malakaga ega bo’lgan vatandoshga va (yoki) uning oila a’zolariga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi materiallarni ko’rib chiqadi va O’zbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko’rsatilgan shaxslarga berish maqsadga muvofiqliligi to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi.

Qabul qilingan qaror asosida shaxsga O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish to’g’risida kafolat xati beriladi, agar ushbu shaxs fuqarosi bo’lgan davlat fuqaroligidan chiqadigan bo’lsa.

Kafolat xatining amal qilish muddati bir yil. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining qaroriga binoan kafolat xatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.

Kafolat xati ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.

O’zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq ariza beruvchi chet davlat fuqaroligidan chiqqanligi haqida hujjat taqdim etganidan keyin amalga oshiriladi.

alohida tartibda amalga oshiriladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablari qo’llanilmagan holda O’zbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.

Voqealar

Hududiy bo`linmalar

Text to speech